Interpol tomonidan qidirilayotgan shaxs Shvetsiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi, deb xabar bermoqda tashkilotning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Interpol xodimlari tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxsni ekstraditsiya qilish Shvetsiyadan birinchi marta amalga oshirildi.

Qidirilayotgan erkak bir guruh shaxslar bilan birgalikda hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ko‘chmas mulkni sotish bilan shug‘ullangani va o‘zining ushbu firibgarlik harakatlari orqali katta moddiy zarar yetkazgani aytilmoqda.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu shaxs Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hududida yashiringan, ammo tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Shvetsiya hududida aniqlangan va hibsga olingan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilganidan so‘ng u Interpol MMB xodimlari hamrohligida O‘zbekistonga olib kelingan.