Veolia Energy Tashkent bu yil bahorda Toshkentda issiq suvni 5 kunlik o‘chirishlarni rejalashtirmayapti. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.

Kompaniya qayd etishicha, issiqlik tarmoqlarining gidravlik sinovlari keyinroq boshlanadi. Bunda, suvning o‘chirilishi butun shaharda bir vaqtni o‘zida emas, balki kvartallar bo‘yicha amalga oshiriladi. 5 kunlik issiq suv ta’minotini o‘chirish gidravlik sinovlar (bosim bilan tekshirish) paytida amalga oshiriladi. Gidravlik sinovlar yoz-kuz mavsumiga (kelgusi isitish mavsumi boshlanishiga yaqin) rejalashtirilgan.

Gidravlik sinovlar Toshkent shahrining bir necha tumanlarida bir vaqtni o‘zida emas, balki kichik hududlar (kvartallar)da mobil nasoslar yordamida o‘tkaziladi. Issiq suv kvartallar bo‘yicha o‘chiriladi.

Ta’kidlanishicha, bir kunlik o‘chirish issiqlik tarmoqlarini mo‘ljallangan harorat bo‘yicha sinovdan o‘tkazish uchun zarur. Ular 2 yilda 1 marta o‘tkaziladi. Mutaxassislar harorat deformatsiyasi sharoitida quvurlarning mustahkamligini tekshiradilar.

«Toshkent shahridagi issiqlik tarmoqlar qoniqarsiz holatda. Isitish mavsumida avariya holatlari sonini kamaytirish uchun, biz isitisharo davrda issiqlik trassalari uchastkalarini almashtiramiz va nuqsonlarni bartaraf etamiz. Issiqlik tarmoqlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish natijasida nuqsonlar soni kamayadi», — deyiladi xabarda.

Veolia Energy Tashkent tizimdagi boshqa o‘chirilishlar kompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Masalan, issiqlik energiyasini asosiy yetkazib beruvchi hisoblangan «Toshkent issiqlik markazi» MCHJ va «Toshkent IEM» AJ issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalari, issiqlik ishlab chiqaruvchi uskunalarning ta’mirlash ishlarini amalga oshirishi yoki «Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ (ichimlik suvi yetkazib beruvchi) suv o‘tkazgichlar va suv tarmoqlarida ta’mirlash-profilaktika ishlarini olib borishi hamda issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalarga suv berishni vaqtincha cheklanishi.