Zilzila qachon va qayerda sodir bo‘lishini hozircha oldindan aytib bo‘lmaydi. Biroq siz unga tayyorgarlik ko‘rishingiz mumkin. «Gazeta.uz» zilziladan oldin, zilzila vaqti va undan keyin o‘lim va jarohatlanish xavfini kamaytirish uchun mutaxassislar nimalarni tavsiya qilishi haqida ma’lumot beradi.

Zilziladan oldin nima qilish kerak?

Og‘ir mebel va maishiy texnika xavfsizligini ta’minlang. Zilzila payti katta va hatto og‘ir jismlar ham qulashi mumkin.

Kitob javoni kabi og‘ir narsalarni to‘shak, divan va odamlar o‘tiradigan, uxlaydigan va ko‘p vaqt o‘tkazadigan boshqa joylardan uzoqroqqa joylashtiring. Katta va beqaror jismlarni poldan pastroq javonlarga, lekin qochish yo‘llarini to‘sib qo‘ymasligi uchun eshiklardan uzoqroqqa ko‘chirgan ma’qul.

Mutaxassislar barcha mebellarni, shuningdek, maishiy texnikani devor yoki polga bog‘lab turadigan kamar yoki tirgaklar yordamida to‘g‘ri mahkamlashni tavsiya qiladi.

Uyingizda xavfsiz joylarni toping. Har bir xonada yiqilgan narsalardan yoki qurilish materiallaridan himoyalanishingiz mumkin bo‘lgan joyni belgilang. Bu stol yoki karavot ham bo‘lishi mumkin.

«Favqulodda vaziyatlar uchun chamadon» yig‘ing. Gigiyena vositalari, kerakli dori-darmonlar, muhim hujjatlar nusxalari va oz miqdorda naqd pul bo‘lgan kichik sumka tayyorlang. Hujjatlar va pullarni suv o‘tkazmaydigan sumkalarda saqlang.

zilzila, инстрuкция

Asosan bunday to‘plamlar shaxsiy ehtiyojlarga mos ravishda tayyorlanishi mumkin, ammo umumiy tavsiyalar quyidagilar:

  • Tez buzilmaydigan ovqatlar (konserva, quritilgan mevalar, tuzsiz yong‘oqlar). Asosiy qoida — chanqatuvchi yoki pishirishni talab qiladigan ovqatlar solmaslik;
  • Suv. Bir kishi uchun kuniga kamida 3,5 litr suv ketishini hisobga olgan holda idishli suv saqlang va kamida uch kunga yetadigan zaxira qilib qo‘ying;
  • Fonar va uning uchun zaxira batareykalar. Shuningdek, to‘shagingiz yonida, ish joyingizda va mashinangizda bittadan fonar saqlang;
  • Birinchi tibbiy yordam to‘plami;
  • Chaqaloqlar uchun ho‘l salfetkalar va hojatxona qog‘ozi kabi sanitariya-gigiyena vositalari — tagliklar, bo‘tqa uchun aralashmalalar, sutidish va so‘rg‘ichlar;
  • Mobil telefon va zaxira akkumulyatorlar;
  • Vayronalar ostida qolib ketganda, qutqaruvchilarga signal berish uchun hushtak.

To‘plamga kiritish mumkin bo‘lgan qo‘shimcha narsalar — uy hayvonlari uchun oziq-ovqat (agar uy hayvonlaringiz bo‘lsa), siz yashayotgan iqlimga mos kiyimlar to‘plami, bardoshli poyabzal, uxlash uchun sumka va ko‘rpa.

Favqulodda vaziyatda qayerda bo‘lishingizni bilmasangiz, uyda, ishda va mashinangizda alohida to‘plamlar tayyorlab, saqlab qo‘ying.

Evakuatsiya rejasini ishlab chiqing. To‘plamni alohida belgilangan joyda saqlang. Oilangizdagi har bir kishi favqulodda vaziyatlar to‘plami qayerda ekanligini va falokat yuz berganda kimga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini bilishiga ishonch hosil qiling.

Zilzila paytida nima qilish kerak?

zilzila, инстрuкция

Ko‘pgina hollarda — siz uyda yoki savdo markazida bo‘lasizmi, farqi yo‘q — eng samarali taktika: «Egil. Pana joyga o‘t. Joyingda qol». Bunda nima qilish kerak:

1. Qo‘llaringiz va tizzangiz bilan turgan joyingizga egiling. Bu holat hayotiy muhim organlarni uchuvchi jismlardan himoya qiladi va silkinish paytida muvozanatni saqlashga yordam beradi;

2. Bir qo‘lingiz bilan boshingizni va bo‘yningizni yoping — kaftingizni bo‘yningizga, tirsagingizni esa boshingiz orqasiga qo‘yishingiz kerak. Boshqa qo‘l bilan sizni yashirib turgan joyni (masalan, stolni) ushlab turish kerak. Yashirinish joyi bo‘lmasa, boshingizni va bo‘yningizni ikkala qo‘lingiz bilan yoping. Ushbu holatni silkinish oxirigacha saqlang.

Agar siz nogironlar aravachasidan foydalanayotgan bo‘lsangiz, g‘ildiraklar qulflanganligiga ishonch hosil qiling va silkinish to‘xtaguncha o‘tirgan holatda qoling.

3. Agar siz stol ostiga yashirinishga muvaffaq bo‘lsangiz, bir qo‘lingiz bilan uning oyog‘idan ushlab turing, ikkinchisi bilan bosh va bo‘yiningizni yopishda davom eting. Pana joy bo‘lmasa, boshingizni va bo‘yningizni ikkala qo‘lingiz bilan yoping.

Nima uchun qutqaruvchilar va mutaxassislar «Egil. Pana joyga o‘t. Joyingda qol» taktikasini tavsiya qilishadi?

Tebranish paytida harakatlanishga urinish sizni xavf ostiga qo‘yadi: zilzila to‘satdan boshlanadi va shu qadar kuchli bo‘lishi mumkinki, silkinish kuchi baribir oyoqdan yiqitadi. Darhol tizzangizga egilib, pana joy topgan ma’qul.

Zilzila paytida sodir bo‘lgan jarohatlar va o‘limlarni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, qulagan predmetlar eng katta xavf tug‘diradi. Odamlarning televizor, lampalar, kitob javonlari va boshqa mebellarning qulashi oqibatida halok bo‘lish ehtimoli yuqoriroq. Pana joy ushbu jarohatlarning aksariyatidan himoya qiladi.

«Egil. Pana joyga o‘t. Joyingda qol»dan asosiy maqsad — sizni qulashi va harakatlanishi mumkin bo‘lgan predmetlardan himoya qilish va agar bino qulab tushsa, jon saqlash mumkin bo‘lgan holatda qolish ehtimolini oshirishdir. Parta yoki mustahkam stol ostidagi bo‘sh pana joy bino qulab tushsa ham saqlanib qolishi mumkin — butun dunyo bo‘ylab olingan fotosuratlarda vayronalar bilan o‘ralgan parta va stollarni ko‘rish mumkin, deya qayd etadi Zilzilaga qarshi kurash bo‘yicha millatlar alyansi.

«Egil. Pana joyga o‘t. Joyingda qol».

Yuqori qavatda

  • Derazalardan va tashqi devorlardan uzoqlashing;
  • Binoda qoling va liftdan foydalanmang.

Odamlar gavjum joyda, stadionda yoki teatrda

  • Chiqish joyi yoki eshik oldiga yugurmang — ehtimol boshqalar ham xuddi shunday fikrlashadi. O‘zingiz turgan joyda qolib, pana joyni topish yaxshiroq;
  • Binodan chiqayotganda, aftershoklar paytida ustingizga hech narsa qulamasligiga ishonch hosil qiling.

Ko‘chada

  • Elektr tarmoqlari va gaz quvurlaridan uzoqroq turing;
  • Daraxtlar, telefon ustunlari va binolardan uzoqroqda ochiq joyga o‘ting;
  • Derazalar, fasadlar, balkonlar va binolarning boshqa me’moriy detallari odatda birinchi bo‘lib qulab tushadi. Bunday xavfli zonalardan uzoqroq turing.

Harakatlanayotgan transport vositasida

  • Yo‘lda yoki yo‘l chetida to‘xtang — elektr uzatish liniyalari, yer osti yoki yo‘l o‘tkazgichlardan uzoqqa o‘ting;
  • Qo‘l tormozini tortib qo‘ying va zilzila to‘xtaguncha kuting. Mashina juda ko‘p silkinishi mumkin, ammo u siniqlardan himoya vazifasini bajaradi;
  • Agar yuqori voltli elektr simi avtomobil ustiga tushib qolsa, qutqaruvchilar kelguniga qadar ichkarida qoling;
  • Yer silkinishlari to‘xtab, siz yana harakatlanishni boshlashingiz mumkin bo‘lganda, zilzila yaratgan to‘siqlarni diqqat bilan kuzatib boring. Bular qatoriga yo‘l qoplamasining sinishi, qulagan ustunlar va elektr uzatish liniyalari simlari, to‘g‘onlarning vayron bo‘lishi, yo‘l o‘tkazgichlar yoki ko‘priklarning qulashi kiradi.

Dengiz qirg‘og‘ida

  • Agar kuchli zarbalar 20 soniya yoki undan ko‘proq davom etsa, darhol balandroq joyga evakuatsiyaga o‘ting, chunki zilzila sunamiga olib kelishi mumkin;
  • O‘zingizni suv toshqini to‘lqinlaridan himoya qilish uchun quruqlik bo‘ylab 3 km ichkariga yoki dengiz sathidan kamida 30 metr balandlikka ko‘tariling;
  • Tirbandlik va boshqa xavf-xatarlardan qochish uchun mashinaga o‘tirishdan ko‘ra piyoda harakatlaning.

Zilzila paytida nima qilmaslik kerak?

Vahima ichida ko‘chaga yoki boshqa xonalarga yugurmang. Agar turgan joyingizda qolib, panaroq joy topsangiz, sizga kamroq zarar yetadi. Bundan tashqari, silkinish shunchalik kuchli bo‘lishi mumkinki, hatto uzoqqa yugurishga ham vaqtingiz bo‘lmaydi.

Agar ulgursangiz, silkinish kuchayganidan bir necha soniya ichida derazadan, oynadan, kitob javonlaridan va qulashi mumkin bo‘lgan boshqa mebeldan / narsalardan uzoqlashing.

Eshik oldida turmang. Undan ko‘ra stol osti xavfsizroq. Zamonaviy uylarda eshiklar binoning boshqa qismlaridan ko‘ra mustahkamroq emas — ular sizni qulab tushadigan predmetlardan himoya qila olmaydi.

Zilziladan keyin nima qilish kerak?

O‘zingizda va boshqalarda jarohatlar bor yoki yo‘qligini tekshiring. Infeksion xavfni kamaytirish uchun kichik yaralarni zararsizlantiring. Iloji bo‘lsa, atrofdagilarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsating.

Shisha parchalari yoki qoldiqlarning o‘tkir burchaklaridan shikastlanmaslik uchun mustahkam poyabzal va qo‘lqop kiying.

Gaz sizib chiqmasligiga ishonchingiz komil bo‘lmaguncha gugurt, zajigalka, elektr jihozlari yoki chiroq o‘chirgichlaridan foydalanmang.

Oilangiz va do‘stlaringizga ahvolingiz yaxshi ekanligini yetkazing. Telefon qo‘ng‘iroqlari tarmog‘i band bo‘lishi mumkin, shuning uchun iloji boricha matnli xabar (SMS)lardan foydalaning.

Agar uyingiz shikastlangan bo‘lsa va unda qolish xavfsiz bo‘lmasa, uni tark eting. Ehtiyot bo‘ling va yo‘lda ustingizga hech narsa qulamasligiga ishonch hosil qiling.

Aftershoklarga tayyor turing. Kuchli zilziladan keyin tez-tez aftershoklar kuzatildi. Ular asosiy zilziladan bir necha daqiqa, kunlar, haftalar va hatto oylar o‘tgach sodir bo‘lishi mumkin.

Agar vayronalar ostida qolgan bo‘lsangiz, chang yutmaslik uchun og‘zingizni, burningizni va ko‘zingizni kiyim bilan yoping. Qon ketish holati kuzatilsa, jarohatni bosishga va shikastlangan tana qismini ko‘tarishga harakat qiling. Bir necha daqiqa farqi bilan xushtak chalgan holda yoki devorga yoki metall konstruksiyaga uchta qisqa taqillatish yordamida signal bering. Qutqaruvchilar tovushlarga qarab yo‘nalish olishadi.