23 mart kuni Istanbulda 61 yoshli Turkiya fuqarosi Riza Beler o‘zi bilan birga yashagan 40 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Umida To‘laganovani tosh bilan urib o‘ldirdi. Bu haqda Cumhuriyet gazetasi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, qotillik ertalab soat 05:30 da Bahchelievler tumanidagi ko‘p qavatli uyning 3-qavatidagi xonadonda sodir bo‘lgan. Erkak avvalroq olgan 17 ming lira qarz sabab ayol bilan o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Riza Beler Umida To‘laganovaning boshiga tosh bilan urib, jasadini bo‘laklab tashlagan. So‘ng uning tana bo‘laklarini chiqindi qoplariga joylab, sovitkichga solib qo‘ygan va keyinroq ularni tashlab yuborishni reja qilgan.

Xonadonda janjal ovozini eshitgan qo‘shnilar politsiyaga xabar bergan. Voqea joyiga yetib kelgan xodimlar jasadni topib, gumonlanuvchini qo‘lga olgan.

Tergov jarayonida gumonlanuvchi Riza Beler va marhuma Umida To‘laganova o‘rtasida uzoq vaqtdan beri pul masalasida kelishmovchilik bo‘lib kelgani va Beler shu sababdan ayolni o‘ldirishni rejalashtirgani aniqlangan. U toshni uyga oldinroq olib kelgani ma’lum bo‘lgan.

Erkakning so‘zlariga ko‘ra, mojaro u olgan qarz tufayli kelib chiqqan. Rizo Beler uzoq vaqt birga yashagan ayolini faqat Ramazon oyida o‘ldirganidan afsusda ekanini qo‘shimcha qilgan.

Unga nisbatan shafqatsizlarcha qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.