Tbilisi shahrida (Gruziya) davom etayotgan dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turnirining birinchi kunida o‘zbekistonlik sportchi Diyora Keldiyorova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan samarqandlik dzyudochi barcha bellashuvlarni muddatidan avval yakunlab kelayotgandi, finalda Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Distriya Krasnichini 40 soniyada mag‘lub etdi.

Bu Keldiyorova uchun «Katta dubulg‘a» turnirlaridagi to‘rtinchi oltin medal hisoblanadi. Ushbu g‘alaba orqali u jahon reytingi uchun 1000, Parij-2024 yo‘lida 500 ochkoni o‘z hisobiga qo‘shib qo‘ydi.