Agrippina Shin maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 1-o‘rinbosari — maktabgacha ta’lim agentligi direktori etib tayinlandi, deya xabar bermoqda prezident Administratsiyasiga yaqin bo‘lgan «Nigoh» Telegram-kanali.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Agrippina Shin 1958 yil 29 dekabrda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. U Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida direktor bo‘lib ham ishlagan.

Senator 2017 yilning oktabr oyida maktabgacha ta’lim vaziri etib tayinlangandi. U mazkur lavozimda 2023 yilning yanvariga qadar faoliyat yuritgan.

Uning o‘rniga Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 1 yanvardan boshlab qayta tashkil etiladigan vazirliklar rahbarlarini tayinlash to‘g‘risidagi farmoni bilan Xilola Umarova maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bo‘lgandi.

Avvalroq Usman Sharifxodjayev ham vazirning birinchi o‘rinbosari, Temurjon Komilov, Dilshod Kenjayev va Uzokboy Begimkulov esa vazir o‘rinbosarlari etib tayinlangandi.