Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi asosiy stavkaning 1 foiz bandga tushirilishi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, iqtisodiyotning jadallashishi, aholi iste’moli oshishi, kredit hajmi o‘sishi kutilmoqda.

Oxirgi marta 14 foizlik stavka 2018 yil boshida va 2020 yil oxirida amal qilgan. Bir yarim yil o‘tgach, 2022 yil mart oyida Markaziy bank stavkani birdaniga uch foiz bandga — 17 foizga oshirdi. O‘tgan yili regulyator stavkani ikki marta 16 foizga, iyul oyi oxirida esa 15 foizga tushirdi.

Stavkaning pasayishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshiradi va iqtisodiyotning o‘sishni rag‘batlantiradi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) ushbu ta’sirlarni baholadi. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, asosiy stavkaning 1 foiz bandga tushishi natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat YAIM 0,55 foizga ko‘payadi.

Bundan tashqari, nominal foiz stavkasining tushishi real foiz stavkalarni pasaytiradi va aholi iste’molini rag‘batlantiradi. Markaz tadqiqotining natijalari shuni ko‘rsatadiki, stavka tushishi aholiga berilayotgan kreditlar miqdorini 2,6 foizga ko‘paytiradi. Natijada, bazaviy ssenariyga nisbatan aholi yalpi iste’moli 0,2 foizga ortadi.

Ta’kidlanishicha, Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, asosiy stavkaning 1 foiz bandga o‘zgarishi kredit stavkalarini o‘rtacha 0,6 foiz bandga, depozit stavkalarni 0,35 foiz bandga o‘zgartiradi.

Shunday qilib, asosiy stavkaning pasayishi tijorat banklari kredit stavkalarini pasaytirib, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kredit stavkalarining pasayishi yalpi investitsiyalar hajmini 0,68 foizga ko‘paytiradi.

Mutaxassislarning fikricha, asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasayishi iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan berilgan kreditlar hajmini quyidagicha ko‘paytiradi:

  • qishloq xo‘jaligida 3,6 foizga;
  • qurilishda 2,8 foizga;
  • sanoatda kreditlar hajmini 2,7 foizga;
  • savdoda 1,3 foizga;
  • transport va kommunikatsiyada 1,1 foizga.