24 mart kuni Toshkent metropoliteni Yer usti halqa yo‘lining II bosqichi Qo‘yliq-Sergeli yo‘nalishida qurib bitkazilgan 5 ta bekatda sinov tariqasida poyezdlarning texnik qatnovi boshlandi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Sinov tadbirlarida vazirlik, «Toshkent metropoliteni» korxonasi rahbariyati, «Boshtransloyiha», «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etgan.

Hozirda Yer usti halqa metro yo‘lining II bosqichi — 8,5 km uzunlikdagi 5 ta bekatni o‘z ichiga olgan «Qo‘yliq — Quruvchilar» qismi qurib bitkazilgan. Loyihaning 3,8 km uzunlikdagi 2 ta bekatni o‘z ichiga oluvchi Quruvchilar — Qipchoq qismida qurilish ishlari olib borilmoqda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, texnik sinovlardan so‘ng mazkur yo‘nalishda yo‘lovchi tashuvlarining boshlanishi natijasida bir kunda 40 minga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev yerusti metrosining Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan yo‘nalishi (5 ta bekat) qurilishini ko‘zdan kechirgandi. Loyiha qiymati 127,5 million dollarni tashkil etishi, bular respublika budjeti va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘laridan amalga oshirilishi aytilgandi. Poyezdlar stansiyalarda 15 soniya turishi hisobga olinsa, oraliq 13 daqiqada bosib o‘tilishi kutilmoqda, deyilgandi xabarda.

Toshkent transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev telekanalga bergan intervyusida halqa liniyaning 12-bekati («Quruvchi») va Sergeli yo‘nalishining 5-bekati («Qipchoq») oralig‘ida elektrobuslarda bepul qatnov yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.

Mazkur yo‘nalish poytaxtning Yashnobod, Mirobod, Sergeli va Yangixayot tumanlaridagi 62 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 244 ming nafar aholisini qamrab olishi kerakligi qayd etilgan.