22 mart kuni Jahon banki, Yevropa komissiyasi va Ukraina hukumati urushdan keyin mamlakatni qayta tiklash uchun talab etiladigan xarajatlarni qayta hisob-kitob qildi. Bu haqda BBC rus xizmati xabar berdi.

2022 yil sentabrida kerakli miqdor 349 milliard dollarga baholangan bo‘lsa, endilikda bu raqamlar 411 milliard dollar etib hisoblanmoqda.

Bundan tashqari, ekspress baholashlar shuni ko‘rsatdiki, 2023 yilda Ukrainaga tiklanish bo‘yicha tezkor loyihalarni amalga oshirish uchun taxminan 14 milliard dollar kerak bo‘ladi.

Qayta tiklash xarajatlarining eng katta qismi energetika sektoriga to‘g‘ri kelmoqda, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning energetika sohasiga yetkazilgan zarar miqdori 2022 yilning iyuniga nisbatan besh barobarga oshgan.

2022 yilning kuzidan beri Rossiya Ukraina energetika obyektlariga zarba berishda davom etmoqda, bu esa butun mamlakat bo‘ylab favqulodda vaziyatlar va elektrning uzilishiga olib keldi.

Eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlar — Donetsk, Xarkov, Lugansk va Xerson.

«Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning davom etishi ham mamlakatga, ham jahon iqtisodiyotiga kiritiladigan sarmoyadir», — dedi Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde yangi baholashni sharhlar ekan.