Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar jamoasi qanot yarimhimoyachisi Abbos Fayzullayevning ota-onasiga Umra safariga yo‘llanma sovg‘a qilindi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 21 mart kuni Guliston shahrida o‘tkazilgan Navro‘z bayramida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev so‘zga chiqib, viloyat ahlini ayyom bilan tabrikladi.

Tadbir davomida futbol bo‘yicha U-20 Osiyo kubogi g‘olibi, chempionatning «Eng yaxshi futbolchisi» sirdaryolik Abbos Fayzullayevning ota-onasiga viloyat ahli nomidan Umra safariga yo‘llanma sovg‘a qilindi.

Akmaljon Maxmudaliyev futbolchining otasi Saidjon Qodirov va onasi Gulchehra Qodirovaga yo‘llanmani topshirdi.

«Mana shunday farzandni tarbiyalagan sizlarga katta rahmat. Viloyat jamoatchilik kengashi bilan o‘ylab-o‘ylab, 2023 yil aprel oyida Umra safariga borish uchun sizlarga yo‘llanma berishga qaror qildik», — dedi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi.

Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari o‘rtasidagi U-20 Osiyo kubogi final uchrashuvida O‘zbekiston terma jamoasi chempion bo‘lgandi. Uchrashuv «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tgan. 21 mart kuni esa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi futbolchi va murabbiylariga «Prezident sovg‘asi» yozuvi tushirilgan Gentra avtomobillari topshirilgan.