O‘zbekistonda 2023 yilda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun yangicha mexanizm asosida 6,2 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Xususan, bog‘dorchilik subyektlarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi hisobidan 700 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Aholiga ajratilgan yer maydonlariga ko‘chat, urug‘lik, o‘g‘it va texnika yetkazib berish uchun 500 mlrd so‘m ajratiladi.

«Qishloq xo‘jaligi vazirligi ixtiyoridagi 130 mln dollar mablag‘ birinchi marta banklarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlarga ajratiladi. Ya’ni bunda bank ustamasi bo‘lmaydi va tadbirkorga bozorga qaraganda ancha kredit olish imkoniyati yaratiladi», — dedi davlat rahbari. Ushbu mablag‘lar so‘mda 10 yilgacha muddatga beriladi. «Oldin biz bermagan edik», — deya ta’kidladi u.

Shu bilan birga, intensiv bog‘, tokzorlar, logistika obyektlarini tayyor holatda quribb, tadbirkorlarga lizing asosida berish tizimi ham yaratiladi.Tadbirkorlar 20 foizni oldindan to‘laydi va qolgan 80 foizini 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘laydi.

Bunda tadbirkorlar o‘z loyihalarini vazirlik shaffof elektron platformasi orqali taqdim qiladi. Vazirlik loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi moliyalashtiradi.

2022 yilda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish fizik hajmda 6,2 foizga oshdi. Shu bilan birga, joriy yilning yanvar-fevral oylarida 1,8 foizga pasayish kuzatildi (yanvar oyida ob-havoning anomal sovuqligi hamda elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar fonida o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 8 foizga pasayish kuzatildi).