Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin 21 mart kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Markaziy Osiyo mintaqasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu davlatlarning «Yangi davrda har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti»da keltirib o‘tilgan.

«Tomonlar Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti va milliy taraqqiyotini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirishni kuchaytirishga tayyor, «rangli inqiloblar»ni importi va mintaqa ishlariga tashqi aralashuvga yo‘l qo‘ymaydi», — deyiladi bayonotda.

Tomonlar, shuningdek, «Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shayotgan ijobiy hissasi» hamda «mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida» KXSHT va XXR o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish salohiyatini qayd etdilar.

2022 yil fevral oyi boshida Vladimir Putin Pekinga tashrif buyurganida ikki davlat qo‘shma bayonotida, Rossiya va Xitoy «tashqi kuchlarning umumiy qo‘shni mintaqalarda xavfsizlik va barqarorlikka putur yetkazish harakatlariga» qarshi ekani, shuningdek, «suveren mamlakatlarning ichki ishlariga har qanday bahona bilan tashqi kuchlarning aralashuviga qarshilik ko‘rsatish, rangli inqilobga qarshi turish» niyatida ekani qayd etilgandi.

Si Szinpin uch kunlik davlat tashrifi bilan Moskvada bo‘ldi. Bu uning Xitoy rahbari etib uchinchi muddatga qayta saylanganidan keyin xorijga birinchi safari edi.