Kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Parkent tumani Qiziltog‘ shaharchasi atrofidagi adirliklarda qolib ketgan 47 nafar fuqaro qutqarildi, deya xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

20 mart kuni respublikaning ayrim hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi. Soat 19:30 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga fuqarolar tomonidan kelib tushgan xabarga ko‘ra, Parkent tumani Qiziltog‘ shaharchasi atrofidagi adirliklarga o‘z avtomobillarida dam olish maqsadida borgan fuqarolar kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida adirliklarda qolib ketgani va pastga tusha olmayotganini aytib, ularga yordam kerakligini ma’lum qilgan.

Xabarga asosan, aytilgan manzilga qutqaruvchilar 7 ta maxsus texnika bilan yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan.

Amalga oshirilgan harakatlar natijasida qutqaruvchilar tomonidan dam oluvchilarning 13 ta yengil turdagi avtoulovlari hamda 47 nafar fuqaro xavfsiz joyga olib tushilgan. Yuzaga kelgan vaziyat oqibatida halok bo‘lgan va tan jarohat olgan fuqarolar yo‘q.