O‘zbekiston Transport vazirligi 13 martdan Rossiya va Gruziya chegarasida ishlab turgan yagona «Yuqori Lars» (Verxniy Lars) nazorat-o‘tkazish punktida rekonstruksiya boshlangani munosabati bilan yo‘laklarning aksariyati yopilgani sababli milliy yuk tashuvchilarga murojaat bilan chiqdi.

Ayni damda nazorat-o‘tkazish punktida yuk mashinalari uchun tashkil etilgan 11 ta yo‘lakdan faqatgina 6 tasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu yo‘laklar orqali yuk tashuvlari revers rejimida amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan milliy tashuvchilar O‘zbekistondan Gruziya, Ozarbayjon va Turkiyaga yuk tashuvlarini amalga oshirishni rejalashtirganda yuqoridagi jihatni e’tiborga olishlarini so‘raldi.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasida Yarag-Kazmalyar, Taxirkend-Kazmalyar, Novo-Filya nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha Belarus bilan chegaradagi nazorat punktini vaqtincha yopgani uchun milliy tashuvchilardan Yevropaga yuk tashuvlari jarayonida ushbu holatni inobatga olishlarini so‘ralgandi.