Tabiat resurslari vazirligi BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMT Qochqinlar bo‘yicha agentligi va BMT Yevropa Iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish maqsadida afg‘onistonliklar va o‘zbekistonliklarlarni jalb etgan holda bajarilayotgan o‘rmonlashtirish loyihasi natijalari bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

«Loyiha Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatidagi favqulodda gumanitar ehtiyojlarni O‘zbekistondagi afg‘on qochqinlari va mezbon jamoalarning zaif qatlamlarini „mehnat uchun pul to‘lash“ va boshqa to‘lov mexanizmlari orqali o‘rmonzorlar barpo etish ishlariga jalb etish orqali qanoatlantirishga qaratilgan. Bu changli bo‘ronlar, ularning aholi va iqtisodiyotga zararli ta’siri kabi dolzarb ekologik muammolarni hal etish bilan birga Surxondaryoda mahalliy jamoalarning barqarorligini oshirish imkonini beradi», — deya tushuntirdi BMTTD.

бмт, сuрхондарё

Loyiha tadbirlari natijasida Surxondaryo viloyatida (Termiz shahri, Termiz, Jarqo‘rg‘on va Sherobod tumanlarida) yangi tashkil etilgan 100 gektar yashil kamar, yashil bog‘ va yashil ijtimoiy bog‘larga ko‘chatlar ekildi. 2022 yil oxiriga kelib loyihaga 413 nafar afg‘on qochqinlari (113 nafar ayol, 300 nafar erkak) va mezbon jamoaning 194 nafar a’zosi (62 nafar ayol, 132 nafar erkak) jalb qilingan.

Tashrif doirasida delegatlar mahalliy hokimliklar vakillari va boshqa hamkorlar bilan uchrashib, erishilgan natijalar va loyiha barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yechimlarni muhokama qildi, Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Yangi O‘zbekiston» turar-joy majmuasi atrofidagi yashil hududning ochilish marosimida ishtirok etdilar va Termiz tumanidagi o‘rmonlashtirish maydonida bo‘ldi.

BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Hans Fridrix Shodder shunday dedi: «Iqlim o‘zgarishi hammaga, ham tub aholiga, ham ko‘chirilgan shaxslarga birdek ta’sir qiladi. Ekologik inqirozning ta’siri tobora kuchayib borayotgani sababli, biz jamoalarning moslashuvga nisba tan barqarorligini oshirish va salbiy ta’sirlarga qarshi kurashish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak. Bizning loyihamiz ko‘chirilgan shaxslar va mezbon jamoalar o‘zlari yashaydigan hududni himoya qilish va rivojlantirish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirayotganlarining yorqin misolidir».

бмт, сuрхондарё

BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska, aytishicha, «Daraxtlar ekish, ularga qarash va parvarish qilish keng ko‘lamli inson resurslari va tizimli ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishini talab qiladi. Biz O‘zbekiston hukumati va O‘zbekiston xalqining ekologik, moliyaviy va ijtimoiy omillarni hisobga olgan holda „Yashil Makon“ tashabbusi muvaffaqiyati va barqarorligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu tashabbus ko‘chat ekish bilangina cheklanmaydi, u ayni damda ish o‘rinlari yaratish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, uglerod chiqindilarini kamaytirish va umuman, nafaqat O‘zbekiston xalqi, balki qo‘shnilarimiz va barchamiz yashab kelayotgan butun sayyoramiz farovonligini oshirishga qaratilgan».