Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS)ning sudoldi palatasi Ukrainadagi vaziyat nuqtai nazaridan ikki shaxs — Vladimir Putin va Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi, deb xabar bermoqda BMT axborot xizmati.

«Janob Vladimir Vladimirovich Putin, 1952 yil 7 oktabrda tug‘ilgan, Rossiya Federatsiyasi prezidenti, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan aholini (bolalar) noqonuniy deportatsiya qilish va aholini (bolalar) Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy olib o‘tish kabi harbiy jinoyatlar uchun javobgardir, — deyiladi sud bayonotida. — Janob Putin yuqorida qayd etilgan jinoyatlar […] hamda ushbu harakatlarni sodir etgan yoki sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan fuqarolik va harbiy bo‘ysunuvchilar ustidan tegishli nazoratni amalga oshirmagani uchun shaxsiy jinoiy javobgarlikka tortilishiga ishonish uchun yetarli asoslar mavjud».

XJS RF prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belova ham Ukrainaning bosib olingan viloyatlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilish ko‘rinishidagi harbiy jinoyatni sodir etganlik uchun javobgar bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

Xalqaro jinoiy sud mustaqil, doimiy sud organi bo‘lib, 1998 yil 17 iyulda Italiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan konferensiyada imzolangan Rim statutiga muvofiq tashkil etilgan. Uning vakolati Rim statuti kuchga kirgan 2002 yil 1 iyuldan keyin sodir etilgan barcha eng og‘ir xalqaro jinoyatlarga taalluqlidir. Sudning yurisdiksiyasi genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari bilan cheklangan.

Ukraina hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya 16 mingdan ortiq bolani mamlakatdan olib chiqib ketgan.

Yaqinda BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tashkil etilgan Ukrainadagi huquqbuzarliklarni tekshirish bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiya Jenevada o‘zining birinchi hisobotini taqdim etdi. Unda aytilishicha, Rossiya Ukrainada urush jinoyati sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan qonunbuzarliklarni sodir etmoqda. Harbiy jinoyatlarning davom etishi, infratuzilmaga ixtiyorsiz hujumlar, muntazam va keng ko‘lamli qiynoqlar xalqaro huquq normalarini mensimaslikdan dalolat beradi, deyiladi hisobotda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining munosabati

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova: «Xalqaro jinoiy sud qarorlari mamlakatimiz uchun, jumladan, huquqiy nuqtai nazardan ham hech qanday ma’noga ega emas», deya ma’lum qildi.

«Rossiya Xalqaro jinoyat sudining Rim statutiga a’zo bo‘lmagani uchun u bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmaydi», — dedi u.

Bir necha kun oldin Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Rossiya Xalqaro jinoyat sudini tan olmasligi va uning yurisdiksiyasiga kirmasligini aytgan edi.