16 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti navbatdan tashqari sammitining asosiy tadbirlari doirasida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuv avvalida prezident bosh vazir va do‘st venger xalqini milliy bayram — Vengriya inqilobi kuni bilan qutladi.

Ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi. Mamlakatlarning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va tezlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston-Vengriya korxonalarining samarali kooperatsiyasi uchun ishlab chiqarish maydonini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidani ham fikr almashildi.