O‘zbekistonda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasini 182 milliard 386 million so‘m miqdorida ishlab chiqildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida komissiya a’zosi Adxam Ibodullayev ma’lum qildi.

«Markaziy saylov komissiyasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda Referendum to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya qilgan holda O‘zbekistonda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasini 182 milliard 386 million so‘m miqdorida ishlab chiqdi», — dedi Ibodullayev.

U ma’lumot tariqasida, 2019 yilda parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlarda davlat budjetidan 230 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilganini eslatib o‘tdi.

«Mazkur xarajatlar smetasi davlat budjetida belgilangan mablag‘lar doirasida shakllantirildi va o‘rnatilgan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishildi. Xarajatlar smetasini shakllantirishda referendum to‘g‘risidagi qonun talablaridan kelib chiqib, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha mablag‘ talab etiladigan jihatlar alohida hisobga olindi», — deya qayd etdi Adxam Ibodullayev.

Avvalroq, Oliy Majlis Senati Konstitutsiyaviy qonunni va uni 30 aprelda umumxalq referendumiga qo‘yishni ma’qullagandi.