Britaniyaning The Economist jurnali Rossiyaga geosiyosiy yaqin davlatlar reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatni shakllantirishda diplomatik, harbiy, energetika va iqtisodiyot kabi 11 ta jihat asos qilib olingan.

Fevral oyi oxirida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «G‘arbning Rossiyani izolyatsiya qilish rejalari barbod bo‘lganini» aytgandi.

«Bir qarashda, Lavrovning gapi to‘g‘ridek tuyuladi», — deb yozadi jurnal. 23 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqinining bir yilligidan bir kun oldin 39 ta davlat BMTning Rossiya harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. AQSh va uning ittifoqchilari sanksiyalar kiritganiga qaramay, «Rossiya iqtisodiyoti va savdosi hayratlanarli darajada yaxshi holatda», — deyiladi materialda.

Nashr tomonidan turli mamlakatlarning diplomatik, harbiy va iqtisodiy harakatlari to‘g‘risida to‘plangan ma’lumotlar «unchalik aniq bo‘lmagan manzarani ko‘rsatmoqda». The Economist , shuningdek, ushbu ma’lumotlarga asoslanib, o‘z indeksini «Putin do‘stlari indeksi» deb atadi.

the economist, россияга дўст davlatlar, o‘zбекистон

Ro‘yxatni shakllantirishda quyidagilarga ahamiyat berilgan:

Birinchi faktor — diplomatik. Ular Rossiyaga qarshi ovoz berganmi, BMTning asosiy rezolyutsiyalarida betaraf qolganmi yoki bu rezolyutsiyalar uchun kamida ikki marta Rossiyaga yoqlab ovoz berganmi?

Ikkinchisi — harbiy. Ular Rossiya bilan shartnoma tuzgan ittifoqchilarmi? Ularning hududida rus qo‘shinlari yoki yollanma askarlar bormi? Urush boshlanganidan beri ular Rossiyaga qurol yetkazib berganmi?

Uchinchisi energetika va iqtisodiyot bilan bog‘liq. Ular Rossiya gaziga ehtiyoj sezadimi? Rossiya atom elektr stansiyalari yoki texnologiyasiga bog‘langanmi? Rossiya bilan savdo hajmi ularning umumiy savdosida katta ulushga egami? Urush boshlangach, Rossiyaga eksport miqdori oshdimi?

Eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan davlatlar sifatida dastlabki o‘rinlarda Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston keltirib o‘tilgan. Ro‘yxatga Eron, Tojikiston, Qozog‘iston, Suriya, Xitoy, Venesuela, Nikaragua, Hindiston va O‘zbekiston ham kiritilgan.

O‘zbekiston faqatgina «Rossiyaning do‘stlari» indeksida qayd etilgan bo‘lib, u yerda 12 davlat orasida 12-o‘rinni egallagan. Indeksga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyaga qarshi ovoz bermagan, lekin BMTning asosiy rezolyutsiyalarini qo‘llab-quvvatlamagan, Rossiyaga qurol yetkazib bermagan, KXSHTga a’zo emas, fevral oyidan buyon uning hududida Rossiya qo‘shinlari yoki yollanma harbiylari yo‘q. 2022 yilda qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazmagan.

The Economist nashrining yozishicha, O‘zbekiston Rossiyadan gaz yetkazib berishda eksport hajmini oshirgan, uning umumiy savdodagi ulushi 2022 yilda 17,9 foizdan 18,6 foizga oshgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, ushbu mamlakatlarning Rossiyaga yaqin ekaniga qaramay, G‘arb hamon ular bilan munosabatlarni mustahkamlashga umid qilmoqda.