Shveysariyaning Jeneva shahrida 14−15 mart kunlari O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish masalalari bo‘yicha ishchi guruhning 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.

Xususan, 2023 yil 14 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan muzokaralar o‘tkazdi.

жст

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish masalalari, jumladan, joriy yilning 14−15 mart kunlari ishchi guruhning 6-yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo bo‘lishini jadallashtirish maqsadida JSTga a’zo barcha davlatlar bilan tovar va xizmatlar bozorlariga kirib borish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralarni faollashtirish va ularning yakunlari bo‘yicha tegishli bayonnomalarni imzolash zarurligi qayd etildi.

JST bosh direktori O‘zbekiston hukumatining respublikaning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni doirasidagi sa’y-harakatlarini, shu jumladan, yirik a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borayotganini olqishladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning faol tashabbuskorligi tufayli tashkilot bilan hamkorlik ijobiy dinamikaga ega bo‘ldi.

«Ayni paytda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. 2 kun davomida bo‘lib o‘tadigan mazkur yig‘ilishda respublika savdo rejimining barcha jihatlariga taalluqli 10 dan ortiq yangi hujjatlar ko‘rib chiqiladi», — deyiladi vazirlik xabarida.