«Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini o‘rganish uchun respublikadagi turli viloyatlarda tadqiqot o‘tkazdi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi uning natijalarini e’lon qildi.

Hududlarni tanlash mamlakatning geografik-madaniy bo‘linishidan kelib chiqqan holda janubiy hudud — Qashqadaryo, markaziy hudud — Samarqand, yangi shakllangan hudud — Sirdaryo, sharqiy (vodiy) hudud — Farg‘ona, alohida milliy-hudud — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va poytaxt sifatida Toshkent shahri tanlandi.

Unda 18−50 yosh oralig‘idagi jami 800 nafar xotin-qizga test savollari berildi. Ma’lumotlarni kompyuterda qayta ishlash vaqtida ulardan 797 ta so‘rov varaqasi yaroqli deb topildi va ma’lumotlar shu natijalar asosida tahlil qilindi. Ularning 440 nafari, ya’ni 55,2 foizi shahar, 357 nafari, ya’ni 44,8 foizi qishloq joylarida yashaydi.

1-savol: Siz odatda qanday holatlarda huquqiy ma’lumotga muhtojlik sezasiz?

xotin-qizlar

1-savolga ayollarning bergan javoblari foiz ko‘rsatkichida. Foto: «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti

Ishtirokchilarning katta qismi bank va moliya masalasida huquqiy bilimlari yetishmasligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, ish joyi va uy-joy masalalarida ham ayol va qizlarda huquqiy savodxonlik yetarli darajada emas.

2-savol: Oilangizda sizga nisbatan turmush o‘rtog‘ingiz tomonidan jismoniy kuch yoki haqoratli, kamsitadigan so‘zlar (so‘kishlar) qo‘llanadimi?

xotin-qizlar

Tadqiqot o‘zbek oilalarida jismoniy kuch yoki haqoratli so‘zlar bilan kamsitilish holatlari tez-tez uchrab turishini ko‘rsatdi. Javoblarda ijobiy va salbiy holatlar bor: 60 foizga yaqin ayollarning o‘z turmush hayotlarida bu kabi zo‘ravonlik va kamsitilishlarga duch kelishmagani ijobiy. Qolgan javoblarga ko‘ra, har to‘rtinchi ayol (25%) ba’zi holatlarda, 7 foiz ayol uchun esa bu odatiy hol, 9 foiz ayol bu savolga javob berishni istamaydi. Oilalarning deyarli 40 foizida ayollarga u yoki bu ko‘rinish va jadallikda turli zo‘ravonlik, kamsitish va zug‘um o‘tkazilmoqda, degan xulosaga kelish mumkin. Bunday salbiy holat ko‘proq Sirdaryo (66%) va Samarqand (50%) viloyatlarida aniqlandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi natijalar bilan bir xil.

3-savol: Oiladagi kamsitilish va zo‘ravonlik holatlarida o‘zingizni qanday tutasiz?

Olingan ma’lumotlarda aksariyat ayollar bu holatda turmush o‘rtog‘ining ko‘nglini olishga, tinchlantirishga harakat qilar ekan (50,6%). Shu kabi vaziyatlarda o‘z haq-huquqini talab qilish (11,6%), hatto zo‘ravonlikka zo‘ravonlik bilan javob qaytarish (8,6%), muammoni ota-ona va qaynona-qaynota (6,1%) yoki profilaktika inspektori (5,7%) yoxud mahalla (5,0%) orqali hal qilish holatlari ham kuzatilishi aniqlandi.

4-savol: Oilada haq-huquqingiz buzilganda yoki poymol bo‘lganda kimga murojaat qilasiz?

xotin-qizlar


Oilaviy hayotda o‘z haq-huquqlarining buzilishiga duch kelganida o‘zbek ayollarining aksariyati muammoni o‘zlari hal qiladi (45,8%). Qolgan respondentlar, asosan, yordam so‘rab mahallaga (15,5%), ota-onasiga (14,4%), huquqni muhofaza qilish organlariga (9,9%), advokatga (4,4%), yaqin qarindoshlariga (3,2%) murojaat qiladi. Undan tashqari, 4 foizga yaqin respondent bunday vaziyatda hech narsa qilmaydi.

5-savol: Ish joyingizda qonun buzilishi va huquqni poymol qilish holatlari bo‘ladimi?

So‘rovda ishtirok etgan ayollarning 74 foizi ishlashini aytgan. Ularga ish joylarida qonun buzilishi va huquqni poymol qilish holatlari yuzasidan savol berganda ovozlar qariyb teng ikkiga ajralganini ko‘rish mumkin.

xotin-qizlar

6-savol: Qonun va huquqni buzish holatlari ko‘proq kimga nisbatan sodir bo‘ladi?

xotin-qizlar

Bunda eng ko‘p ovozni (32,8%) «javob berishim qiyin» va «barcha xodimlarga nisbatan» (29,4%) degan javoblar oldi. Har holda, xotin-qizlarga nisbatan qonun va huquq buzilishi holatlari u qadar ko‘p emasligi (11,5%) gender nuqtai nazaridan kamsitilish borasidagi vaziyat salbiydan ko‘ra ko‘proq ijobiy ekanidan dalolat bermoqda.

7-savol: Biror tashkilotga ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilganmisiz?

xotin-qizlar

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, 64% xotin-qizlar mazkur harakatlarga qo‘l urmagan. Qolgan 40 foizga yaqin respondentlar tashkilotlarga ariza yoki shikoyatlar bilan murojaat qilganida ularning 42 foizi bu ishni o‘zlari amallagan, qolgan respondentlar esa yaqin insonlari, huquqiy firmalar yoki huquqiy bilimga ega bo‘lgan insonlarning ko‘magidan foydalangan. Demak, ayollarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini yaxshi darajada, deb baholab bo‘lmaydi.

Shuningdek, ijtimoiy ta’minot bilan bog‘liq muammo chiqsa, ayollarning aksariyati (54,5%) uni qonuniy yo‘l bilan murojaat qilish orqali hal qiladi. Turmush o‘rtog‘i orqali (27%), pul berish orqali (9,1%), tanishlarni o‘rtaga qo‘ygan holda (6%), ijtimoiy tarmoq va blogerlarga murojaat qilish orqali (0,9%) muammolarni yechishga harakat qiladiganlar ham bor. Mazkur ma’lumotlar orqali ayollar o‘rtasida har yarmidan ko‘pi muammolarini qonuniy yo‘l bilan hal etishga urinishlari namoyon bo‘lishi aytildi.

8-savol: Qonun buzilishi yoki huquqbuzarlik holatlarining guvohi bo‘lsangiz, qanday yo‘l tutasiz?

Javoblarga ko‘ra, respondentlarning chorak qismi o‘sha huquqbuzarlikning jabrdiydasiga bu borada maslahat beradi (26,1%), yana shuncha qismi huquqni muhofaza qilish organlariga xabar beradi (24,7%), 15 foizga yaqini esa bevosita jarayonga o‘zi aralashadi. 12 foizga yaqin respondentlar javob berishga qiynalgan bo‘lishsa, qolganlari muammoli vaziyatga o‘zi tushmasligi uchun aralashmasligi, indamay ketishi va vaziyatga ko‘ra ish tutishini ma’lum qildi.

Mazkur savollarga berilgan javoblarning umumiy to‘g‘rilik darajasi 43,7 foizni tashkil etmoqda. Bu holat ayollar orasida huquqiy savodxonlik darajasi yuqori darajadan ancha past ekanini ko‘rsatmoqda.

«Respondentlarning qonun, huquq va burch borasidagi tasavvurlarini o‘rgangan holda jamiyatimizda aksariyat ayollarimizda bu tushunchalar mohiyati borasida yetarlicha tasavvur mavjudligini ko‘rsatmoqda. Olingan natijalarning viloyatlar, yosh va ma’lumotlilik darajasiga ko‘ra tahlili umumiy natijaga yaqin ekani aniqlandi. Aksariyat respondentlar qonun va huquq tushunchalarini erkinlikning ta’minlanishi hamda adolatning o‘rnatilishi sifatida talqin qilgan. Burch esa, eng avvalo, ularning jamiyat, davlat va atrofdagi insonlar oldida bajarishi kerak bo‘lgan majburiyatlari sifatida namoyon bo‘lmoqda», deyiladi xabarda.