Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tadqiqotchilari O‘zbekistonda hojatxonalarning sanitariya talablariga qay darajada javob berishi borasidagi tahlilini e’lon qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMT Bolalar jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekistondagi maktablarning 13 foizi qo‘lni sovun va suv bilan yuvish imkoniga ega bo‘lmagan. Maktablarning 83 foizi toza ichimlik suvi, 78 foizi esa sanitariya vositalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

PMTI hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 41 foizi chuqur kavlama ko‘rinishidagi hojatxonalardan foydalanadi, qishloqlarda bu ko‘rsatkich 50 foizdan yuqori. Uy xo‘jaliklarining faqat 16 foizigina markazlashgan oqova tizimga ulangan, shaharda bu ko‘rsatkich 27 foizni, qishloq joylarida 2 foizni tashkil etmoqda.

пмти, ҳожатхона
Infografika: PMTI

Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi indikatorlari bo‘yicha aholining fikrini o‘rganish jarayonida hojatxonalarning sanitariya talabiga javob bermasligi haqidagi indikator aholi tomonidan kambag‘allik uchun ahamiyatsiz, deb topilgan.

«Albatta, barcha uy xo‘jaliklarini markazlashgan oqova tizim bilan qamrab olish ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadi. Ammo hozirgi holatda sanitariya talablariga javob bermaydigan chuqur kavlamalarni ventilyatsiya qilinadigan va plitalar bilan qoplangan holatga keltirish tavsiya etiladi. Bunda aholiga birinchi navbatda sanitariyaning inson salomatligi va kelajakdagi farovonligi uchun naqadar muhim ekanligini yetkazish zarur», — deydi mutaxassislar.

Sifatli sanitariya sharoitlariga ega bo‘lmaslik inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi, bolalar orasida maktabda davomatning pasayishiga olib keladi va natijada ta’lim olish sifati ham pasayadi. Inson salomatligi va uning ta’lim olishida toza suv va yaxshi sanitariya sharoiti qanday ahamiyatga ega ekanligini aniqlashga qaratilgan tizimli tadqiqotlar o‘tkazilgan.

Ularning 47 tasidan 20 tasida sanitariya talabiga javob bermaslik turli yuqumli kasalliklarga olib kelishi aniqlangan bo‘lsa, 8 tasida maktabda davomatning pasayishiga sabab bo‘lishi, 7 tasida oshqozon ichak kasalliklari kelib chiqishi, 7 tasi neyro-kognitiv tanqislikka olib kelishi ilmiy jihatdan aniqlangan.

Nima qilish kerak? Tashviqot ish bermaydi, moliyaviy yordam samarali

Aholi orasida sanitariya-gigiyena mavzusidagi tashviqot ishlari sezilarli natija bermaydi. Jahon mamlakatlarida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasidan xulosa shuki, sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tashviqot ishlari odamlar orasida xabardorlikni oshiradi va harakatga undaydi, ammo bu bolalar orasida kasallikni kamaytirish uchun yetarli emas.

Ta’kidlanishicha, tashviqot moliyaviy yordam bilan ta’minlangan taqdirda sezilarli natija beradi. Xususan, Bangladeshda o‘tkazilgan tadqiqotda kutilganidek tashviqotning yakka o‘zi va texnik ko‘mak bilan kombinatsiyasi ham hech qanday samara bermagan. Ammo tashviqot va vaucherli subsidiya birgalikda uy xo‘jaliklari orasida hojatxonalar bilan ta’minlanish darajasining 22 foiz punktga o‘sishiga olib kelgan.

PMTI mutaxassislari birinchi qadam sifatida, ushbu chora-tadbirlarni maktablarda boshlash va barcha sanitariya talablariga javob bermaydigan maktab hojatxonalarini ta’mirlash maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Shuningdek, kelgusida budjet yoki nobudjet mablag‘lari taqsimotida ishtirok etadigan barcha bo‘g‘inlar, xususan, tashabbusli budjet dasturi doirasida aholi, korporativ ijtimoiy mas’uliyat doirasida xususiy biznes, mahalliy kengashlar, hokimliklar, maktab rahbarlari, xayriya jamoat fondlari vakillari va ko‘ngillilar tomonidan ushbu masalaning ahamiyati e’tibor markazida bo‘lishi ham amaliy natija beradi.