14 mart kuni rossiyalik stendap komediyachisi Danila Poperechniy Toshkentda «Quvnoq/hayot» nomli konsert dasturini taqdim etdi. Chiqish davomida uning mikrofoni ko‘p marotaba o‘chib qoldi. Konsertdan keyin u Instagram`da buni tashkilotchilar amalga oshirgani haqida yozdi.

«Post Toshkentda 1500 kishi uchun qanday ajoyib konsert tashkil etilgani haqida bo‘lishi mumkin edi. Lekin haqiqat shuki, konsertimdan dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar bilan bog‘liq barcha materiallar olib tashlandi. Har gal hazil yoki mavzu hozirgi kun tartibiga hech bo‘lmaganda bilvosita yaqin borsa ham, mikrofonni shunchaki o‘chirib qo‘yaverishdi. Ular hatto konsertning ochilish marosimidagi „Rossiya“ so‘zi oddiy ma’noda qatnashgan hazillarni ham hech bir kelishuvsiz, o‘zlari bilganicha kesib tashlashdi», — dedi komediyachi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «mahalliy huquq-tartibot idoralari talabi bilan konsert dasturining kamida 50 daqiqasi shu yo‘sinda o‘tgan». «O‘zimni uydagidek his qildim», — dedi u.

«Mayli, Toshkent, tugatamiz shekilli. Ko‘rinishidan, aytadigan hazillarim uchun mikrofonim o‘chirib qo‘yiladi. Urush yo‘q, xayrli tun», — deya qo‘shimcha qildi Poperechniy.

Danila Poperechniy tomoshabinlardan pul to‘lab kirgan shoulari ko‘ngildagidek o‘tmagani, uning bir qismigina namoyish etilgani [konsert dasturi 2,5 soatga mo‘ljallangandi] uchun uzr so‘radi. Uning ta’kidlashicha, tomoshabinlar pulni qaytarish uchun ariza berishi mumkin. «Menda hech qanday savol bo‘lmaydi», — deydi u.

«Ayni paytda siz dasturni bu shaklda qabul qilgan yagona shaharsiz», — dedi komediyachi.

28 yoshli Danila Poperechniy urush tufayli Rossiyani tark etgan. U rafiqasi Polina Chistyakova bilan AQShga ko‘chib ketgan. «Quvnoq/hayot» dasturi bilan turli mamlakatlarda gastrollarda bo‘lib turibdi. Toshkentdan keyin uning Turkiyada ikkita konserti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.