O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni Turkiyaga jo‘nab ketadi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

16 mart kuni Anqarada Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarining «Ofat hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish va insonparvarlik yordami» mavzusida navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston yetakchisi mazkur sammitda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Sammit yaqinda Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila tufayli yuzaga kelgan favqulodda holatni muhokama qilish uchun yuqori darajali platforma vazifasini o‘taydi. Unda TDT doirasida tabiiy ofatlarni va favqulodda vaziyatlarni boshqarish va insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashadilar.

Sammit doirasida, shuningdek, ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.