30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda o‘zbekistonliklardan quyidagicha savolga javob berish so‘raladi: «Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?». Bu haqda 13 mart kuni Konstitutsiyaviy sud tomonidan qabul qilingan qarorda qayd etilgan. Yig‘ilish bundan bir necha kun oldin Qonunchilik palatasida deputatlar tasdiqlab bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiya to‘g‘risidagi qonun asosida tashkillashtirildi.

Konstitutsiyaviy sudning qarorida, shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 2−7-moddalarida uning kuchga kirishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, davlat hokimiyati organlari va davlat hokimiyati mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘llanilishi tartibi va muddatlari bayon etilgan.

Xususan, Konstitutsiyaviy qonunning davlat hokimiyati mansabdor shaxslarining vakolat muddatlari, saylanish (tayinlanish) tartibi va (yoki) shartlarini o‘zgartiruvchi va (yoki) boshqacha tarzda ta’sir qiluvchi qoidalari ushbu Konstitutsiyaviy qonun kuchga kirgan paytda mazkur lavozimlarni egallab turgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi yozilgan.

Bundan tashqari, ushbu shaxslar mazkur Konstitutsiyaviy qonun kuchga kirgan paytda ko‘rsatilgan lavozimlarni egallaganligi va (yoki) egallab kelayotganligining surunkali muddatlari sonidan qat’i nazar boshqa fuqarolar bilan teng ravishda Konstitutsiya, shu jumladan ushbu Konstitutsiyaviy qonun tahriridagi Konstitutsiya, talablariga muvofiq ushbu lavozimlarga saylanish (tayinlanish) huquqiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.

«Ya’ni, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida saylash (tayinlash) tartibi va (yoki) muddati o‘zgarayotgan barcha davlat hokimiyati mansabdor shaxslariga bu qoida tegishli», — deyiladi hujjatda.

konstitutsiyaviy ислоҳот, konstitutsiyaviy sud, yangi конституция

Foto: Konstitutsiyaviy komissiya.

2−7-moddalarda nimalar qayd etilgan?

Qonunchilik palatasining 10 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilingan Konstitutsiyaning yangi tahririda shunday deyiladi:

2-moddaga muvofiq, yangi tahrir Markaziy saylov komissiyasi tomonidan referendum natijalari e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

3-moddada hujjat kuchga kirgandan keyin O‘zbekiston hududida amaldagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga zid bo‘lmagan qismi qo‘llanilishi nazarda tutilgan.

4-moddaga muvofiq, yangi Konstitutsiya normalari tegishli qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar qabul qilinganligi va mavjudligidan qat’i nazar, qonun kuchga kirgan kundan boshlab bevosita amalda qo‘llanila boshlaydi.

5-moddaga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining amaldagi chaqirig‘i qonun kuchga kirgan kundan boshlab Konstitutsiyaning yangi tahririda ko‘rsatilgan vakolatlarga muvofiq o‘z faoliyatini amalga oshiradi.

Yangi Konstitutsiyaning normasi Senatning saylanadigan va tayinlanadigan a’zolari to‘g‘risidagi 93-moddasi 3-qismiga binoan Senat 2024 yilda o‘tadigan navbatdagi chaqirig‘i paytidan qo‘llaniladi. Avvalroq ularning soni 100 dan 65 nafar senatorgacha qisqartirilishi haqida xabar berilgandi.

Bugungi kunda hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlari raislari lavozimlarini egallab kelmoqda. Konstitutsiyaviy qonuning 6-moddasiga muvofiq, vakolatlarni ajratish Toshkent va viloyatlarda (mahalliy kengashlarga saylovlar natijasiga ko‘ra) 2024 yildan boshlab, tuman va shaharlarda esa — 2026 yil 1 yanvardan amalga oshiriladi.

7-modda bilan bir shaxs ma’lum bir lavozimga ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishi (tayinlanishi) mumkin emasligi to‘g‘risidagi norma kiritilmoqda. Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov va mas’ul qo‘mita raisi Jaxongir Shirinov gap quyidagi lavozimlar haqida ketayotganini ma’lum qildi:

  • Qonunchilik palatasi spikeri;
  • Senat raisi;
  • O‘zbekiston prezidenti (amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq);
  • Viloyati, tuman va shaharlarning mahalliy kengashlari raisi;
  • hokim;
  • Oliy sud raisi va uning o‘rinbosarlari;
  • Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosarlari;
  • Markaziy bank raisi;
  • bosh prokuror.