Navoiy viloyati Xatirchi tumani xalq ta’limi bo‘limi mansabdorlariga 43,6 million so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirishda Xatirchi tuman xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari 2022 yil iyun-dekabr oylarida 43,6 million so‘m miqdoridagi rag‘batlantirish va ish haqlarini noqonuniy hisoblab, budjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Holat yuzasidan 2023 yil 26 fevral kuni Xatirchi tuman xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qism «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ushbu jinoyat ishi doirasida prokuratura idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Holat Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro N.O.ning Xatirchi tumani xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan hamda bo‘limdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitdan norozi bo‘lib, prezidentning virtual qabulxonasiga yo‘llagan murojaatlari asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ko‘rib chiqilgan.