11 mart kuni kechqurun Toshkent shahrining Yangihayot tumani Marg‘ib ko‘chasida 2 ta chinor daraxti yoqib ketildi. Tuman hokimligi matbuot kotibining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, 1 ta chinor daraxti o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada zararlangan, ikkinchi chinorning esa ichki qismi to‘liq yonib ketgan.

O‘sha hududda yashovchi ayrim fuqarolardan so‘ralganda ular buni ko‘rmagani, daraxtlar yoqilgan paytda uyda bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Tuman ekoboshqarmasi xodimi to‘liq yonib ketgan daraxt qayta tiklanmasligi, aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida olib tashlanishini bildirdi.

»daraxt,

Mazkur ko‘chani nazorat qiladigan kameralar mavjud emas. Hozirda mas’ullar voqea sababini o‘rganish uchun xonadonlardagi kameralarni tekshirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlar hududda qurilish ishlari amalga oshirilishi sababli yoqilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.

Tuman hokimligi u yerdan «Qorayo‘l-1» kollektori o‘tgani, hudud muhofazalangani sababli qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanganini ma’lum qildi.

Boshqarma vakili shu sababli daraxtlar qurilish uchun yoqilgani haqidagi taxminlar haqiqatga mos emasligini bildirdi.