Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida maktab o‘qituvchisi o‘quvchiga tegajog‘lik qilgani, qiz uksus ichib, kasalxonada yotgani, profilaktika inspektori esa ishni ko‘rmayotgani bo‘yicha jurnalist Shuhrat Shokirjonov o‘zining Telegram kanalida murojaat e’lon qilgandi. Viloyat IIB holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Vaziyat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Ta’kidlanishicha,10 fevral kuni Kattaqo‘rg‘ondagi maktablarning birida sinf rahbari sifatida ishlab kelayotgan o‘qituvchi 6-sinf o‘quvchisi (qiz bola) 4 kun davomida dars qoldirgani uchun undan otasini chaqirishini so‘ragan. Maktabga esa o‘quvchining onasi kelgan. Maktab ma’muriyati u bilan gaplashib, qizining muntazam ravishda dars qoldiryotganini bildirib, tushuntirish xati yozib berishini so‘ragan.

«U „hech narsa yozib bermayman“ deb, maktabdan chiqib ketib, turmush o‘rtog‘iga qiziga o‘qituvchisi tegajog‘lik qilganini aytgan. Shundan keyin o‘quvchining otasi kelib, sinfxonada guruh rahbariga baqirib, uni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilib, yoqasidan tortib, janjal ko‘targan. Qizning onasi hamda o‘quvchi qizning tushuntirish xatida o‘qituvchining tegajog‘lik qilgani to‘g‘risidagi vajlari o‘z tasdig‘ini topmagan», — deyiladi xabarda.

To‘plangan hujjatlar yuzasidan otaning xatti-harakatida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), ayolnikida esa 40-moddasida (Tuhmat) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari borligi sababli qaror qabul qilish uchun JIB Kattaqo‘rg‘on tumani sudiga yuborilgan.

Sud organi tomonidan o‘quvchining ota-onasiga nisbatan jarima qo‘llandi.