2023 yilda Surxondaryo viloyatida ijtimoiy muammolarni hal qilishga davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trln so‘mga qo‘shimcha 465 mlrd so‘m ajratiladi. Bu haqda Termiz shahrida prezident ishtirokida o‘tgan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida aytib o‘tildi.

Shuningdek, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha 328 mln dollar jalb qilinadi. Viloyatda aholi uchun qo‘shimcha 8 ming 500 gektar ajratiladi. Surxondaryoning iqlimi dehqonchilik uchun juda qulay, mahsulotlar erta pishadi. Shu bois oziq-ovqat mahsulotlari hajmi 2 baravar oshiriladi, qolaversa, eksport 250 mln dollarga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

Viloyatda hali foydalanilmagan konlar va imkoniyatlar ko‘p. 2023 yilda 292 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi belgilandi. Bu 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Shuningdek, sanoatda importni 50 mln dollarga qisqartirib, eksportni kamida 250 mln dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, Sariosiyo tumanidagi To‘palang gidroelektr stansiyasi hamda yangi 3 ta kichik va mikro GESda 2023 yilning o‘zida 350 mln kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Sherobod tumanida 457 megavatt quvvatli yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatiladi.