O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Yanina Kuskovaning Italiyada veloshosse bo‘yicha o‘tkazilgan Trofeo Ponente in Rosa ko‘pkunlik poygasidagi ishtiroki nihoyasiga yetdi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Yakunlovchi beshinchi bosqichda Kuskova uchinchi bo‘lib marra chizig‘ini kesib o‘tdi. Bu natija orqali u musobaqani umumiy hisobda ikkinchi o‘rinda yakunladi.

Shuningdek, sportchi musobaqaning «Eng yaxshi yosh poygachisi» yo‘nalishida ham g‘alaba qozondi va Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun reyting ochkolarini o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yanina Kuskova Xorvatiyada o‘tkazilgan Porec Trophy Ladies turnirida oltin medalni qo‘lga kiritgandi.