“Gazeta.uz” tarixda nom qoldirgan, ma’naviy-ilmiy merosi bilan kelajakka ta’sir ko‘rsatolgan, siyosat maydonida ovozi, o‘rniga ega ayollar haqida hikoyalarni davom ettiradi. Bu safargi hikoya Italiya tarixidagi ilk shifokor ayol, dunyo pedagogika sistemasida inqilob yasagan va millionlab inson kelajagiga ta’sir ko‘rsatgan tarbiyachi Mariya Montessori haqida.

“Qiz bola o‘qisa, falokat yuz beradi!”

Bir zamonlar xotin-qizlarning o‘qib-o‘rganishi, tahsil olishi bugungi ilg‘or Yevropada ham qattiq qoralangan, taqiqlangan va hatto ayamay tahqirlangan. “Xotin deganining vazifasi uy-ro‘zg‘orni boshqarish, bola tug‘ish, boqish va mayda-chuyda ishlarni bajarish” qabilidagi biryoqlama qarash XIX asrda ham odatiy hol edi. Kimdir universitetga kiraman desa, boshi ta’na-malomatdan chiqmagan. Ammo jamiyat qoliplarini buzib, ayollar ham erkaklardek ilm-fan, siyosat, boshqaruv, kasb tanlashda teng ekanini isbotlaganlar asr manzarasini butunlay o‘zgartirib qo‘yadi. Italiya tarixidagi birinchi shifokor, o‘sha zamon universitetida tahsil olgan yagona qiz talaba Mariya Montessori o‘zidan keyingi ayollarga yo‘l ochgan, dogmatik qarashlarni parchalagan pedagogdir.

Foto: Association MontessoriFoto: Association Montessori

1870-yilning avgustida Italiyaning Kyarvalle shaharchasida tug‘ilgan Mariya xonim esini tanib, yo‘lini topgunicha qattiqqo‘l hisobchi otasidan bekitiqcha bilim olishga majbur bo‘lgan. “Qiz bola o‘qisa falokat yuz berishi”dan cho‘chigan ota farzandining o‘qishga mukkasidan ketishini ko‘pam xushlayvermasdi. Biroq tadbirli, o‘zi maktab ko‘rmagan bo‘lsa-da, mutolaadan uzilmagan ona qizini doim qo‘llab-quvvatlagan.

13 yoshida Mikelanjelo Buyenarotti nomidagi texnika maktabida arifmetika, italyan tili, algebra, geometriya, hisob ilmi, tarix va geografiyani o‘rgangan qizaloq dugonalaridek klassik fanlar o‘qitiladigan institutni emas, balki texnika fanlari chuqur o‘rgatiladigan dargohni tanlaydi. “Muhandis bo‘lmoqchiman!” deb dilidagini tiliga ko‘chirsa, sazoyi qilinishgacha yetadigan pallada ulg‘aygan Mariya orzusini aytishdan qo‘rqmaydi. Lekin institutni tamomlash arafasida fikridan qaytib, shifokor bo‘lishga ahd qiladi.

Universitet hayoti ham oson kechmaydi: kursdosh yigitlar mazaxi, professorlar istehzosi, sovuq munosabat, ochiqdan ochiq tahdidlardan eson-omon o‘tishning o‘zi bo‘lmaydi. Ayniqsa, murdani yorib ko‘rish darslarida qatnashishni rahbariyat qat’iy rad etsa-da (jasadlar yalang‘och bo‘lgani uchun), dam olish kunlari hammadan bekitib yolg‘iz o‘zi odam organizmini o‘rganadi. O‘lik hidi, formalin isi ust-boshiga o‘tirmasligi uchun har darsdan keyin tamaki tutatib, birovda shubha qoldirmaslikka tirishadi.

Ruhini parmalab, shashtini so‘ndirishga ming urinishmasin, o‘qishning birinchi yilini yuqori baho bilan tamomlaydi va akademik mukofot bilan taqdirlanadi. O‘qishining ikkinchi yili mahalliy klinikada assistentlikni boshlab, keyinchalik pediatr va psixiatrlikni o‘rganadi. Ming mashaqqat va masxaralarga qaramay, nihoyat, 1896-yili “tibbiyot doktori” unvonini olib, tahsilini yakunlagan Mariya mamlakat tarixidagi ilk va yagona shifokor ayolga aylanadi — missiya bajariladi.

O‘sha yilning sentabrida Berlinda o‘tkazilgan Butunjahon ayollar kongressida so‘zga chiqqan yosh shifokor Italiyada ham ayollar erkaklar bilan teng huquqli bo‘lishi shartligini ta’kidlaydi. Muxbirlardan biri kongress yakunida bemorlar ayol doktorga qanday toqat qilayotganlari haqida so‘raganida: “…ular kimdir sog‘liklari uchun qayg‘urayotganini ich-ichlaridan his qiladilar. Tepada o‘tirganlargina ayolning qo‘lidan nimadir kelishiga gumonsiraydi”, deydi bamaylixotir.

1897-yili Rim universitetiga qarashli psixoterapiya klinikasida hamkasblari qatorida ilmiy tadqiqot ishida qatnasharkan, Juzeppo Montesano bilan tanishadi va ikkkisi bir-biriga ko‘ngil qo‘yadi. Lekin munosabatlar uzoq davom etmaydi — Montesanoning o‘jar onasi Mariyani kelin qilishni xohlamaydi. O‘rtada bola — Mariya xonimning yagona suyanchi, ishlarining davomchisi Mario Montessori dunyoga kelgach ham nikohdan darak bo‘lmaydi.

O‘sha paytlarda nikohsiz tug‘ilgan farzandni tarbiyalash, yolg‘iz onalik va, ayniqsa, davlat ishidagi ayolning bu “qilig‘i”ni hammadan ham jamiyat ayovsiz qoralagan. Boladan ayrilmaslik va ishini ham yo‘qotmaslik uchun uzoq qishloqdagi qarindoshiga o‘g‘lini tashlab, kasalxonaga qaytadi. Oradan 10 yil o‘tgachgina o‘g‘lini el-yurtga tanishtirib, birga yashay boshlaydi.

27 yoshida ruhiy salomatligida nuqsoni bor bolalar bilan shug‘ullanishga kirisharkan, bunday qaror keyinchalik bir umrlik faoliyatga — mittivoylar bilan taqdirini bir qilib bog‘lashga asos bo‘lishini sezmagan ham. Oradan uch yil o‘tgach, sezilarli natijalar qayd etiladi va Aqli zaif bolalarni himoya qilish milliy ligasi Ortofrenik institut ochib, Montessorini direktor etib tayinlaydi.

“Casa dei Bambini” — bolalarga bolaligini tuhfa etgan maskan

Orada xalqaro konferensiya va tadbirlarda qatnashib, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilikka e’tibor qaratish, aqli zaif bolalar uchun maktablar tashkil etish hamda ular uchun o‘qituvchi-murabbiylar tayyorlash zarurligini tez-tez takrorlayveradi. Ovozi uzoq manzillarga yetmasligini sezsa-da, tanlagan yo‘li, ahdidan qaytmaydi.

1901-yili asosiy faoliyatidan chetlanib, Rim universitetida falsafa fanini o‘qishga sho‘ng‘iydi. Shundan keyin haqiqiy professional faoliyat boshlanadi. Italyan pedagogikasiga yangilik kiritish, bola qobiliyatini erta aniqlash va rivojlanishiga turtki berishning ilmiy asoslarini obdon o‘rgangach, ilk maktab — “Casa dei Bambini” (italyancha “Bolalar uyi”)ni ochadi.

Italiyada ochilgan ilk Casa dei Bambini — “Bolalar uyi”. Foto: Association MontessoriItaliyada ochilgan ilk Casa dei Bambini — “Bolalar uyi”. Foto: Association Montessori

1907-yilning yanvarida Rimning o‘rtahol, aksar aholisi kambag‘al yashaydigan qismida ochilgan maktab tajribasi kutilmaganda katta natija ko‘rsatadiki, Italiyadan tashqari boshqa o‘lkalarga ham tezda dong‘i yetadi. Bugun shunday maktablar soni 60 mingtaga yetgan. Bu dargohni bitirganlar orasida mashhur oshpaz Julia Chayld, adib Gabriyel Garsia Markes, qo‘shiqchi Teylor Svift, Gugl asoschisi Larri Peyj, Chelsi Klinton (Bill va Hillari Klintonning qizi), Britaniya qiroli Charlz va boshqa mashhurlar, turli sohada yo‘lini topganlar anchagina.

Bolalarni ko‘pincha ikki toifaga — iqtidorli va iqtidorsizga bo‘lishadi. Ayrimlar buni qoida deb ham biladi. Biroq Montessori xonim har qaysi bolada qandaydir iste’dod, iqtidor va o‘rganishga ishtiyoq bo‘lishiga astoydil ishongan. “Bolalar biz kattalarga ajoyib saboq beradi — aqlimizni rivojlantirish va muayyan shaklga solish uchun qo‘llarimizni ishlatishimiz shart ekan”, deydi u.

Maktabda o‘rtacha 50−60 nafar bola qabul qilinib, ko‘pincha, 2−3 hamda 6−7 yashar bolalar o‘qitilgan. Sinfxona juda oddiy: o‘qituvchi stoli, yozuv doskasi, mitti stulchalar, kreslo va bolalar stoli, o‘quv materiallari uchun javondan iborat bo‘lgan. Mashg‘ulotlar ham ota-onalarning aksari kutganidek “mo‘’jizakor”, “sehrli” emas, behad sodda va botartib — kiyinish va yechinish, changlarni artish, supur-sidir, mo‘’jaz bog‘chadagi gul, nihollarni parvarishlash, mitti jonivorlarni boqish, ovqat tayyorlash — tarzda tashkil etilgan. Bolalarga nimani qanday o‘rgatish texnikasi va psixologiyasini o‘rgangach, darsliklarni Montessori xonimning o‘zi yozadi. Biroq hammani hayron qoldirib, mashg‘ulotlarni xonim emas, balki yordamchi o‘qituvchilar, murabbiyalar o‘tadi, direktor esa kuzatish-o‘rganish va yangiliklar kiritish bilan cheklanadi.

Montessori xonim pedagogika eng avval his-tuyg‘uni rivojlantirishi zarur degan qoidaga suyangan. Ehtimol, ayni shu qarashi sabab ta’lim sistemasida inqilob yasay olgandir. U tuzgan darsliklarning bari o‘yin va harakatli mashg‘ulot orqali bola hissiyotini tashqariga chiqarishga moslashtirilgan. O‘qituvchilarga ham kitobni shunchaki zerikarli ohangda o‘qish, bilgan-ko‘rganini quruq gap, bayon bilan emas, o‘yin va taqdimotlar orqali ko‘rsatish, o‘rgatish talab etilgan. Oradan yetti yilcha o‘tgach, nihoyat butun dunyoga Montessori metodi sirlarini ochib berguvchi va boshqalarni ruhlantiruvchi dastlabki kitob yoziladi.

Montessori metodining eng afzal taraflaridan biri — bolaning turli qoliplarga solinmasligidir. Sinf xonasi, maktabdagi emin-erkinlik bolajonni darslarda faol bo‘lishga ruhlantirgan, amaliy mashg‘ulotlarga bajonidil sho‘ng‘ishga undagan va, eng muhimi, bola bevosita o‘zini o‘zi tarbiyalay olgan. Kimgadir tartibsiz va nazoratsiz tuyulgan maktabu uslub vaqti kelib mevasini beradi.

Maktabdagi darslar har kuni 9:00 da boshlanib, 16:00 gacha davom etgan. Mustaqil ishlash va odatiy yumushlarni bolalarning o‘ziga qoldirish o‘g‘il-qizdagi yangi qobiliyatni kashf etishi, rivojlanishida nuqson bo‘lmasligini xonim amaliyotda sinagan. Har bir bolaga alohida shaxs deb qarash uning imkoniyat va iste’dodini to‘liq ochadi degan xulosaga kelgan. “Bir yarim va ikki yosh orasida boladagi mustaqillik hissini rivojlantirish shart”, deydi u 1946-yildagi London konferensiyasidagi chiqishida.

Jarayonni sinchkov kuzatarkan, Montessori bolalarning materiallarni mustaqil tanlashi, erkin harakatlanishiga qo‘yib berib, tajribalar o‘tkazgan. Mustaqillik — ta’limning maqsadi, psixologik rivojlanishni kuzatish va bolalarga yetakchilik qilish o‘qituvchining vazifasi bo‘lsin, deydi. “Men hech qanday metodika kashf etganim yo‘q, aksincha, bolalarning erkin yashashiga imkon berdim”, deya atrofidagilarning savoliga javob qaytaradi u.

Montessori maktabining oltin qoidalari:

  • Bola faol bo‘lishi muhim. Uning ulg‘ayishida kattalar ikkinchi o‘rinda tursin, rahbar emas, ko‘makchi bo‘lsin;
  • Erkin harakat va bola tanlovi;
  • Katta bolalar o‘zidan kichiklarga bilganini o‘rgatsin. Ayni shu odat boshqalar haqida g‘amxo‘rlik qilish ko‘nikmasini shakllantiradi;
  • Bola qarorni o‘zi chiqarsin;
  • Mashg‘ulotlar maxsus hozirlangan muhitda o‘tilishi shart;
  • Kattalarning burchi — bolani qiziqtira bilish. Keyin bolaning o‘zi rivojlanib ketaveradi;
  • Bola ichidagi iste’dodni to‘liq ko‘rsatishi uchun unga erkin fikrlash, harakat va tuyg‘u imkonini berish kerak, xolos;
  • Bolani tabiatdan bezdirish emas, do‘st qilish kifoya;
  • Uni tanqid qilmang, qandaydir taqiq, cheklov bilan bo‘g‘mang;
  • Xato qilishga har bir bolaning haqqi bor. Uni to‘g‘rilashni ham o‘ziga qo‘yib bering.

“Casa dei Bambini”ning dong‘i shu qadar taraladiki, ikkinchi maktab ham qisqa fursatda ochiladi. Diqqatni jamlash, e’tibor, o‘zini o‘zi boshqarish va rivojlantirish metodikasi asosida o‘qiyotgan italyan bolalarining yutug‘iga qo‘shni mamlakatlar ham qiziqa boshlaydi. 1907-yili o‘qish va yozish bo‘yicha o‘tkazilgan tajriba ham muvaffaqiyatli bo‘ladi. 4−5 yashar bolajonlarning yoshiga nisabatan tez savod chiqarishi ko‘pchilikning hayratini oshiradi. 1908-yili yana uchta shunday “Bolalar uyi” ochiladi. Kelasi yildan esa bog‘chalarda o‘qitiladigan Fryobel metodikasi Montessori metodikasi bilan almashtiriladi.

1909−1915-yillar orasi xonim ishlab chiqqan metod sekin-asta dunyoni zabt eta boshlaydi. Avval Shveysariya, keyin Buyuk Britaniyaga ulangan zanjirni Fransiya, Argentina, Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Meksika, Suriya, AQSh, Yangi Zelandiya davom ettiradi. London, Yoxannesburg, Rim va Stokholmda xonim metodi davlat ta’lim dasturiga kiritiladi. Kitob, darslik va ishlanmalari turli tillarga o‘girilib, to‘rt tomonga tarqaydi. Ingliz tilida birinchi marta nashr etilgan “Il Metodo…” (“Uslub…”) AQShda bestsellerga aylanadi.

Yillar davomida ishlab chiqqan, amalda sinagan metodlari “Il metodo della pedagogia scientifica” (“Montessori metodi”), “Boyitilgan Montessori metodi”, “Bolalik siri”, “Yangi dunyo ta’limi”, “Inson qobiliyatini tarbiyalash” kabi asarlariga jamlanadi.

Dunyoga qadam

Turli o‘lkalarda ma’ruzalar o‘qib, metodikasi sirlari haqida so‘zlarkan, 1930-yil boshidan Yevropa bo‘ylab tarqalayotgan fashizm sharpasi Montessorini uzoq-uzoqlarga bosh olib ketishga va bir muddat ortga qaytmaslikka majbur qiladi. 1933-yili Germaniyadagi barcha Montessori maktablari yopilgani va kitoblari bitta qolmay yoqib yuborilgani xonimga qattiq ta’sir qiladi.

U 1936-yili diktator Benito Mussolining mamlakatda yosh fashistlar uchun alohida maktab tashkil etish taklifini qat’iy rad etadi. “Yo‘q” degan javobga o‘rganmagan rahnamo o‘lkadagi barcha Montessori maktablarini bitta qoldirmay yopishga farmon beradi. Mariya xonim xuddi shu yili Ispaniyada boshlangan fuqarolar urushidan keyin tinch zamonlar kelgunicha Hindistonga ketib, turli ko‘ngilsizliklarni boshidan kechiradi.

Hind diyorida umr kechirarkan, xonim ta’lim-tarbiya masalasiga boshqa tomondan qaray boshlaydi. Hind falsafasini chuqur o‘rganib, tirik vujud bilan shuurni birlashtirish zarurligini payqaydi. Tabiat va inson uyg‘unligi ko‘p eshiklarning ochqichi ekanini sezgach, umrining oxirigacha amal qilgan hamda 6−12 yoshdagi bolalarga atalgan “Koinot ta’limi” metodini yaratadi. Falsafa va hayot haqidagi mushohadalari ayni shu o‘lkada shakllangani, boyiganini xonim umri poyonidagi xotiranomalarida bot-bot ta’kidlagan.

1946-yili Niderlandiyaga, kelini Ada Piyerson va nevaralari oldiga qaytadi. Butun millat farzandlariga saboq berib, ularning kamolotiga hissa qo‘shgan xonim endi yolg‘iz o‘g‘lining zurriyodlarini ham tarbiyalash, ta’lim berishga yeng shimaradi. Garchi nasib etmasa-da, Nobel mukofotiga bir necha marotaba nomzodi qo‘yiladi. Vafotidan bir yil oldin Londonda o‘tkazilgan IX Butunjahon Montessori kongressida qatnashib, ma’ruza o‘qiydi. 1952-yili esa Niderlandiyadagi xonadonida yagona merosxo‘ri va davomchisi, Montessori metodini butun dunyoga yoyishda astoydil ter to‘kkan Marioning qo‘lida omonatini topshiradi.

YUNESKO insoniyat oldidagi xizmatlari uchun 1988-yili uch buyuk tarbiyachi — amerikalik Jon Dyui, nemis Georg Kershenshteyner hamda sovet pedagogi Anton Makarenko nomi oldiga Montessori xonim nomini qo‘yib, XX asr ta’lim-tarbiya tizimiga qo‘shgan hissasini munosib e’tirof etadi. Mariya Montessori surati italyan banknotalari va tangalarida, Niderlandiya, Hindiston, Italiya, Maldiv orollari, Pokiston va Shri Lanka markalarida aks etgan.