Bosh prokuratura matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahrida maktab o‘quvchisi bo‘lgan qiz o‘zini 16 qavatli uyning tomidan tashlamoqchi bo‘lgani haqidagi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 14 yoshli qiz D. K. (maktab o‘quvchisi) o‘gay otasi bilan o‘zaro janjallashib qolishi oqibatida Farg‘onaning Tarona ko‘chasida joylashgan 16 qavatli uyning tomiga chiqib olgan. U o‘zini pastga tashlab, joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan.

Voqea joyiga borgan Farg‘ona shahar IIB va FVV xodimlari D. K.ni tomdan sog‘-omon tushirib olishgan. Holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.