2 mart kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 152-maktabda biologiya fani o‘qituvchisi darsda telefon o‘ynab o‘tirgan o‘quvchini urib, darsdan chiqarib yuborgani sabab 900 ming so‘m jarimaga tortildi. Ijtimoiy tarmoqlarda sinfxonaning kamera yozuviga tushgan mazkur voqea kadrlari keng tarqaldi.

Milliy TV telekanalining Millar informatsion dasturi o‘quvchining onasi bergan taklifga asosan holatni o‘rganish uchun maktabda jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

Ism-sharifi sir saqlanishini istagan o‘qituvchi jurnalistga intervyu berib, o‘quvchining darsda telefon o‘ynab o‘tirgani va unga tanbeh bergan ustozga uyatli so‘zlar bilan gap qaytarganini ma’lum qildi.

Toshkent shahri xalq ta’limi bosh boshqarmasi holatga rasmiy bayonot berib, voqea dars jadvali bo‘yicha beshinchi soatda — biologiya fani darsida bo‘lganini bildirdi.

Keltirilishicha, o‘qituvchi 8-«A» sinfda dars o‘tayotgan mahalida o‘quvchilar X.D. va O.O.ning telefon o‘ynayotganini ko‘rib qolgan. Pedagog ularni bir necha marotaba ogohlantirib, tanbeh bergan. Ammo o‘quvchilar ustozning tanbehiga e’tibor qilmay, dars jarayoniga xalaqit qilishda davom etgan. Oqibatda o‘qituvchi asabini jilovlay olmagan, o‘quvchilarni tartibga chaqirgan, uning tanbehini inobatga olmagani tufayli o‘quvchilarni kaltaklagan.

O‘quvchining onasi voqea bo‘yicha huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudida holat bo‘yicha videokonferensaloqa tizimida ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Toshkent shahri sudi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, unda o‘qituvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida belgilangan jinoyat — mayda bezorilik qilgan deb topildi.

Sudning ish hujjatlariga ko‘ra, huquqbuzar dars o‘tayotgan vaqtda o‘quvchining o‘quv qurollarini yodidan chiqib uyda qoldirgani va darsda e’tiborsiz o‘tirgani sabab unga turli xil uyatli so‘zlar bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan. O‘quvchilar oldida baland ovozda baqir-chaqir qilib, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatib, dars jarayonidan chiqarib yuborgan. O‘qituvchi ushbu harakatlari bilan mayda bezorilikda nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan, deyiladi xabarda.

Sud qaroriga ko‘ra, o‘qituvchi ayol BHMning 3 baravari miqdorida (900 ming so‘m) jarimaga tortildi.

Bloger Isroil Tillaboyevning Telegram kanalidagi muhokamalar guruhida ushbu holat 152-maktab o‘qituvchisi Gulchehra Mamajonova bilan sodir bo‘lgani ma’lum qilindi. O‘qituvchining o‘zi janjalga nima sabab bo‘lganiga to‘xtalib o‘tdi.

«Men shu videorolikdagi o‘qituvchiman. Biologiya fanidan dars beraman, 20 yillik stajga egaman. Oliy toifaliman. Magistraturani ham o‘qib bitirganman… Videorolikda o‘zim tan olaman, o‘ta quyushqondan chiqib ketganim ko‘ringan. Lekin bu to‘liq video emas, provokatsion momentlar qirqib tashlangan. Eng asosiysi — bu uyushtirilgan», — dedi o‘qituvchi.

Uning aytishicha, buni kim uyushtirgani, nima uchun uyushtirgani, uning o‘ziga ma’lum. Quyida uning izohini keltirib o‘tamiz:

Maktab direktori Mavlyanova Marziya Davranovna 30 yildan ko‘proq shu maktabda faoliyat olib boradi. 30 yil direktor bo‘lgandan keyin, talimda ishlaydiganlar biladi, hech kimdan va hech narsadan qo‘rqmaydi. Shu maktabdagi 5 yillik faoliyatim natijasida noqonuniy pul yig‘imlariga qarshi turdim. Maktab shtat birligida turadigan qorovulni ota-onalarga qo‘riqlash xizmatidan «oxrana» deb tanishtirib, bola boshiga 30 ming so‘mdan pul yig‘ib olar edi (maktabda 3 mingga yaqin o‘quvchi o‘qiydi, yig‘iladigan summani tasavvur qiling)…

Mening aybim — shu noqonuniy yig‘imlarni yig‘ishga qarshi bo‘lganim. O‘tgan o‘quv yilida bir ustozning shikoyat xati ketidan maktabni prokuratura tekshirdi. 40−50 mln so‘m kamomad chiqdi. Shu tekshiruv paytida pul yig‘imlarining haqiqatda yig‘ilishini tasdiqlab berganim uchun direktor kun bermay qo‘ydi, desam ham bo‘ladi. Hattoki ichki ishlardan himoya orderi ham olishga majbur bo‘ldim. Ochiqdan-ochiq «ishdan bo‘sha, arizangni yoz», deya turtkilayverdi. Arizamni o‘zim yozmaganim uchun shunaqa tuzoqlar qo‘yishini boshladi. Bu videorolik ham shunaqa tuzoqlardan bittasi.

Maktabda ishlaydiganlar biladi, kameraning «dostupi» faqat direktorning xonasida bo‘ladi. Videoni ham uning o‘zi tarqatdi. Hattoki o‘quvchining onasini chaqirib, «bolamning o‘zida ayb ekan, yomon so‘kibdi ustozni, kitob-daftari ham yo‘q ekan», deyishiga qaramasdan, majburlab ariza yozdiribdi. Bugun sudda oyisi yig‘lab kechirim so‘radi. Xalqim, bugun qalbim qon yig‘lamokda. O‘zim sevgan kasbdan majburlab bugun ariza yozdirishdi. «Tepadagilar» qo‘ymayotganmish.

Hurmatli «tepadagilar», sizlarga bir insonning taqdirini hal qilish shunchalar osonmi? Surishtirmay haydab yuborish shunchalik osonmi? Sizga to‘g‘riso‘z o‘qituvchilar kerakmasmi? Unda bitta taklif: pedinstitutlarga «yaloqilik qilish texnikasi va uning foydalari» degan fanni qo‘shinglar, toki kelajakdagi yosh avlod mendek qiynalib yurmasin, mendek bechora bo‘lib qolmasin!

Men bugun yig‘lab o‘zimga qasam berdim, boshqa o‘qituvchilik qilmayman, ortiq o‘qituvchilik qilmayman… Mayli, och qolay, mayli bechora bo‘lay, ortiq o‘qituvchilik qilmaganim bo‘lsin!

Holat bo‘yicha maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning ko‘rsatmasiga asosan maktabdagi ta’lim va tarbiya jarayonlarini o‘rganib chiqish bo‘yicha vazirlik ishchi guruhi tuzildi.

«Maktabda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida yuzaga kelgan nizoli holat bo‘yicha o‘quvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Sud qarori bilan o‘quvchining onasi va maktab o‘qituvchisiga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llangan. Ishchi guruhning o‘rganish natijalari jamoatchilikka ma’lum qilinadi», — deyiladi xabarda.