Uzbekistan Airways boshqaruv raisi etib Xudaykulov Shuxrat Shavkatovich tayinlandi, deya xabar qildi milliy aviatashuvchi matbuot xizmati.

Bu Uzbekistan Airways kompaniyasining yagona atsioneri — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining 10 martdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Shuxrat Xudaykulov 2019 yildan buyon aviakompaniyada tijorat va turizm bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Shuxrat Xudaykulov 1984 yil 26 iyul kuni Urganchda tavallud topgan. Sankt-Peterburg davlat fuqaro aviatsiyasi universitetining «Aviatsiya tashuvlarini tashkil etish» mutaxasisligini tamomlagan. Shuxrat Xudaykulov 2006 yil «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK jamoasiga kelib qo‘shilgan va o‘z faoliyatini «Toshkent» halqaro aeroportining aviatashuvlarini tashkil etish agenti sifatida boshlagan. 2006−2019 yillar oralig‘ida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKda turli lavozimlarda, jumladan aviakompaniyaning xorijdagi vakolatxonalari, milliy aviakompaniyaning sotuvlar departamenti direktori sifatida faoliyat yuritgan.

2021 yil fevral oyidan buyon Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi lavozimini transport vaziri Ilhom Mahkamov egallab kelayotgan bo‘lib, u bilan 2022 yil oktabrida mehnat shartnomasi uch yilga uzaytirilgan edi.

AviaST (Rossiya) havo qatnovi va sayyohlik kompaniyasi asoschisi, Vietnam Airlines aviakompaniyasining Fransiya va Yevropadagi mintaqaviy vakolatxonasi sobiq tijorat direktori Zafar Xusainov avvalroq Kapital.uz muxbiriga Chikago konvensiyasining (Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiya) Dos 8335-AN/879 ilovasida aviatsiya ma’muriyati va operatorlar o‘rtasidagi munosabatlar belgilangani, unga ko‘ra regulyator (Transport vazirligi) va operator (aviakompaniyalar) funksiyalarini birlashtirishning mumkin emasligini aytib o‘tgan edi.

Bu tashkilotlarning pozitsiyalari birlashtirilgan taqdirda operatorlar o‘rtasida teng raqobat nuqtai nazaridan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga keladi va parvozlar xavfsizligi ustidan nazorat ham yo‘qoladi, degan edi u.

Auditda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) operator va tartibga soluvchi o‘rtasidagi funksiyalarni ajratish tizimini qat’iy ko‘rib chiqadi. Ajratishga rioya qilinmagan taqdirda, boshqa mamlakatlarga parvozlar taqiqlanishi mumkin.