O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga ko‘ra, 11 mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan umumxalq xayriya hashari 18 martga ko‘chirildi. Bu bo‘yicha hukumat qarori 10 mart kuni qabul qilindi.

Qaror tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uyushqoqlik bilan o‘tkazish zarurati bilan izohlandi.

Hashar «Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki» shiori ostida o‘tkaziladi. Undan ko‘zlangan maqsad mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, ziyoratgohlar va qabristonlar va boshqa joylarni obodonlashtirishdan iborat. Bundan tashqari, shu kuni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yordam ko‘rsatiladi.

Eslatib o‘tamiz, dam olish kuni 20 mart, dushanba kuniga ko‘chirilishi munosabati bilan 11 mart, shanba ish kuni hisoblanadi.