Buxoroda yo‘lovchi avtobusida erkak kishining qiz bolaga shilqimlik qilgani aytilgandi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Lavhada qiz bolaning «…bu yerga keldi-da, yopishaverdi, keyin u yoqqa bor, dedim men, u yoqqa bordi, ahmoq», — degan ovozi eshitilgan. [Atrofdan «uni militsiyaga berish kerak, sharmanda», degan ovozlar takror yangraydi]. Noma’lum erkak esa ayollarga qarata buni sezmagani va bilmaganini aytgan. Avtobus haydovchisining yonida esa qiz bolaning yig‘isi eshitilgan.

Holat yuzasidan Buxoro shahar IIB mas’ul xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borilib, uning shaxsiga aniqlik kiritilgan.

«Soat 13:00 atrofida avtobusga minib, bilmasdan nojo‘ya harakat qildim. Ming bor kechirishingizni so‘rayman, boshqa takrorlanmaydi, deb va’da beraman», — dedi yigit.

Yigit bilan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida xatti-harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan. Sud qaroriga ko‘ra, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.