11 mart kuni prezident «Toshkent shahridagi iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Qarorda Toshkent shahrining qo‘shimcha elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash maqsadida ACWA Power (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi ishtirokida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi «O‘zsuvta’minot» AJ hududida quvvati 400 MVtli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasining birinchi bosqichi quvvatlarini (100 MVt) 2023 yil yakuniga qadar ishga tushirish belgilangan.

Xuddi shu davr ichida China Gezhouba Group Investment Company Co.,Ltd (Xitoy) kompaniyasi ishtirokida Yuqori Chirchiq tumanida quvvati 700 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasining birinchi bosqichi quvvatlari (100 MVt) ishga tushiriladi.

Qaror bilan, shuningdek, 2023 yilda Toshkent shahri elektr ta’minotini yaxshilashga qaratilgan 35−110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini rivojlantirish loyihasi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Yunusobod, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida umumiy quvvati 664 MVA [megavolt-amper] bo‘lgan 5 ta 110 kV kuchlanishli podstansiya hamda 49,6 km uzunlikdagi 35 kV va 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari quriladi.

Shuningdek, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor va Mirobod tumanlaridagi 4 ta podstansiyani rekonstruksiya qilish orqali ularning o‘tkazish quvvati 179 MVAga oshiriladi. Jismonan eskirgan 7,5 kilometr uzunlikdagi 35 kV va 41,7 kilometr uzunlikdagi 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari zamonaviy turdagi kabel va simlarga almashtiriladi.

Loyihani amalga oshirish uchun jami 3,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Jumladan, 566 milliard so‘m «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ, «Navoiy KMK» AJ, «Olmaliq KMK» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ, «O‘zavtosanoat» AJning o‘z mablag‘lari, 199 milliard so‘m «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning o‘z mablag‘lari hamda 2,7 trillion so‘m «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mahsulot kreditlari jalb qilinadi.

2023−2025 yillarda Toshkent shahrining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturi doirasida jami 2 969,8 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 703 ta transformator punkti, shu jumladan, 2023 yilda 903,3 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 228 ta transformator punkti yangilanadi.

2023 yilda past kuchlanishli transformator punktlari va kabel mahsulotlarini xarid qilish uchun poytaxt hokimligi tomonidan «O‘zmilliybank» AJdan 220 milliard so‘m miqdorida kredit jalb qilinadi va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ uchun belgilangan tartibda ochiladigan maxsus hisobvaraqqa o‘tkazib beriladi. Shahar hokimligi tomonidan jalb qilingan kredit mablag‘lari 2024 yildan boshlab «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan tegishli tarmoq jadvaliga muvofiq to‘lab beriladi.