Ba’zida kino ko‘rging keladiyu, lekin nima ko‘rishni bilmaysan. Kinodan ko‘pi bormi, lekin bir tavsiya bo‘lsayu, unga ishonib, tomoshani boshlasang. «Gazeta.uz» mushtariylarning dam olish kunlari mazmunli o‘tishiga ko‘maklashish niyatida yangi — «Nima ko‘ramiz?» loyihasini boshladi. Loyiha doirasida shu savolga kino ijodkorlari, ssenariynavislar, yozuvchi va shoirlar, jurnalist va blogerlar, jamoat faollari har hafta birma-bir javob beradi. Maqsad shuki, kino ko‘raylik, ammo vaqtimiz behuda ketmasin.

«Nima ko‘ramiz?» loyihasining bu galgi mehmoni — san’atshunos jurnalist Iqbol Qo‘shshayeva.

So‘nggi vaqtlarda ko‘rilgan (asosan yangi) filmlardan tavsiyalar

«Leviafan», 2014

Garchi 2014 yilda ishlangan bo‘lsa-da, Andrey Zvyaginsevning «Leviafan» filmi haqida gapirmasam bo‘lmaydi. Chunki bu kartina bugun har qachongidan-da dolzarb.

«Leviafan» nasroniy aqidasiga ko‘ra ilonsifat yovuz maxluq, vayronkor kuch — Iblis ramzi. Ilk ko‘rganimda uylarning «snos»ga tushishi va so‘kong‘ich shahar meri bizning jamiyatimizni ham eslatgandi. Bu aysbergning hamma ko‘radigan bir uchi, xolos. Vaqt o‘tgan sari asarning boshqa qatlamlari chiqib kelyapti. Sakkiz yil avval Gosduma minbarida Vladimir Jirinovskiy «davlat shunaqa narsalarga ham pul ajratadimi?!» deb dod-voy qilgani, rossiyalik bir guruh madaniyat arboblari «Leviafan» misolida kinodagi jargonlarga qarshi chiqqani, yana qanaqangidir taqiq qarorlari chiqarilganining mohiyatiga yetish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Bu Rossiya xalqini ogoh etuvchi bong ekan.

«Leviafan» filmi san’at tilidagi siyosiy manifest edi. Zvyaginsev maishiy hayot fonida avtoritar hokimiyat falsafasini ko‘rsatib, inson iztirobi bilan jamiyatga o‘z tashxisini qo‘ya oldi. Leviafanga aylanib bo‘lgan hokimiyatning ishi faqat vayron etish — u Xudo nomidan gapirib taqdirlarni xonavayron etadi, uylarni buzadi. Dindorlarning siyosat bilan til topishishi kulfatdan boshqa hech narsa emas!

Uy nima? Uy, bu — Vatan. Film qahramoni ajdodlaridan meros Vatanini himoya qilmoqchi. O‘z qo‘llari bilan qurgan shinamgina, chiroyli uyini kultepaga aylanishini xohlamaydi. Lekin maxluqni eslatuvchi ekskavator «ajdar boshi» bilan bus-butun uyni «yamlab yutadi». Egalarini o‘z Vatanida tinchgina yashashiga yo‘l qo‘ymaydi. Nafaqat bino buziladi, butun boshli oila sochilib ketadi. O‘spirin bola onasini ham, otasini ham, issiq uyini ham yo‘qotdi.

Qarang, asarning tag ma’nosida qanaqangi karomatgo‘ylik yashirinib yotibdi. Uzoqni ko‘ra oladigan Zvyaginsev bitta oilaning taqdirida qo‘shni mamlakat qismatini ko‘rdi. Milliy qobiqdan umuminsoniyat manfaati tomon yuksalish hamma ijodkorga ham nasib qilmas ekan. Buzilgan uy ustida provaslav cherkovi qad rostladi! Filmning finali: mash’um ovoz ostida suv tubida yotgan iblis Leviafan sekin qo‘zg‘ala boshlaydi. Chunki bu maxluqning hali qiladigan ishi bor!

Ancha yillar oldin bir do‘stimdan «Tazarru»dagi cherkovlarni buzgan shahar hokimi Varlam xavflimi yoki odamlarning uyini vayron qilib, o‘sha joyda cherkov qurdirgan rossiyalik mermi, deb so‘raganimda, u shunday degandi: «‘Leviafan'dagi munofiq hukumat Varlam Aravidzedan ham tuban, chunki xudosiz dindordan yomoni yo‘q».

«Xalq xizmatchisi» seriali

«Sluga narodu», 2015−2019

«Nima uchun siyosatchilar hokimiyat tepasiga kelib bir xil xatolarga yo‘l qo‘yadi, deymiz. Chunki ularning hammasi matematik. Faqatgina ayirish, qo‘shish va o‘zlarinikini ko‘paytirishni bilishadi, xolos. Bori shu!»

Meni kechirasizlar, jamiyatning kayfiyati sababmi yoki ruhiyatimdagi talo-to‘plar boismi, asosan ijtimoiy-siyosiy ruhdagi filmlarni taklif etyapman. «Xalq xizmatchisi» komediyasini sobiq Ittifoq hududidagi davlatlarga parodiya deyish mumkin; korrupsiyaga botgan davlatlarning betiga qarab urilgan achchiq qah-qaha.

Kimlardir bu filmni puxta o‘ylangan jiddiy loyiha deydi. Bo‘lishi mumkin. Biroq haqiqat shundaki, biz unda shiddat bilan haqiqiy demokratiyaga intilayotgan ukrain jamiyatining kayfiyatini ko‘ramiz. Qul o‘zining qulligini anglagan daqiqadan boshlab ozod bo‘ladi, degan gap bor-ku.

Avtoritar davlat aslida kimlarga kerak? Xalq hayiqadigan siyosiy elita — bir hovuch odamning manfaati ekani, qonun va qarorlar aslida shu to‘daning himoyasi uchun ishlashi mubolag‘alarsiz sarkazm bilan olingan. Loyiha ustida aqlli va navqiron komanda ishlagani sezilib turadi. Voqealarning tempo-ritmi ushlangan, seriallarga xos ezmalik yo‘q. Vladimir Zelenskiy bosh qahramonni nihoyatda tabiiy o‘ynagan. O‘zining ustidan kulish, aqlli mutoyiba sovet davrida ishlangan ukrain filmlarida ham uchraydi.

Hayotning turgan bitgani sinov, imtihon ekan. Ekran va sahnada shonli qahramonlarni, hatto payg‘ambarlar rolini o‘ynab shuhrat orttirgan odam real vaziyatda narxi arzon saroy masxarabozi ekanini fosh etib qo‘yishi hech gap emas. Aksincha — masxaraboz qiyofasida tanilgan odam tarixiy QAHRAMON sifatida insoniyat qalbiga yo‘l oladi.

«Qahramon»

«Ghahreman», 2021

Sistema, ya’ni tizim izdan chiqqan bo‘lsa, qonunlar inson manfaatiga emas, aksincha unga qarshi ishlay boshlaydi. Bunday tizim vijdonli odamga lo‘ttivoz, jinoyatchi maqomini berishi ham hech gap emas. Atrofdagilar film qahramoni Rahimga yordam beraman degani sari vaziyat chigallashib ketaveradi.

2021 yili Kann kinofestivalining bosh sovriniga ega chiqqan bu filmida Farhodiy ikkinchi va uchinchi planni birinchi plandan kam ishlamaydi. Ya’ni siz voqelik tasvirlanayotgan hududni quruq dekoratsiya deb qabul qilolmaysiz. Uzoqdan ko‘zga tashlangan g‘ira-shira soya ham ishlaydi, gapiradi.

Turmush bor mushti bilan ko‘rinadi. Birinchi planda film qahramonlari nimanidir gaplashyati, lekin ayni chog‘da siz ko‘zini qo‘l telefonidan uza olmayotgan bolalarni ham ko‘rasiz. Zamonaviy dunyoning haqiqiy zindoni bu — internet hibsxonasi. Ijtimoiy tarmoqlar har bir qadamimiz uchun qo‘yilgan tuzoq!

Eron filmlari millionlab odamlarning taqdiri, orzu-istaklari uch-to‘rt arbob ixtiyorida bo‘lgan tuzum haqidagi og‘ir-og‘ir savollarini dunyoga olib chiqdi. Ular ijtimoiy ko‘lamga ko‘tarilgan maishiy mavzuning psixologik talqinini ko‘rsatib bera oldi.

«G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q»

«Im Westen nichts Neues», 2022

Erix Mariya Remarkning shu nomli asari asosida suratga olingan ushbu kartina «Eng yaxshi film» yo‘nalishida 2022 yil uchun «Oskar» mukofotiga da’vogar sifatida ko‘rsatilgan. Mazkur asar yozilganiga yaqinda qariyb 100 yil to‘ladi, ammo, ming afsuski, hamon O‘ZGARISH yo‘q.

Yozuvchi hokimiyat tepasiga fashizm kelgach, vatani Germaniyani tark etgan. Fashistlar siyosiy qarashlari tufayli uning singlisini qatl etgandi hatto. Quvg‘inga uchragan yozuvchi, hozirgi zamonning mashhur iborasi bilan aytadigan bo‘lsak, o‘z davrida vatani uchun «xorijiy agent» («inoagent») edi. Propaganda qiroli Gebbels yozuvchining kitoblarini yoqib yuborishni buyuradi, 1930 yilda suratga olingan «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q«ning Germaniyadagi namoyishlarini taqiqlaydi. Birinchi Jahon urushiga bag‘ishlangan kitob nega, nimasi bilan gebbelslarning qahrini keltirgan? Bu savolga javobni 2022 yilda suratga olingan filmdan izlang.

Edvard Bergerning filmida din nomidan, Vatan nomidan gapiradigan tili biyron demagogiyaning xunuk oqibati boricha ko‘rsatilgan. Targ‘ibotchi va harbiyning otashin nutqi urushlarning ssenariylari bir xil bo‘lishini eslatadi; urushlar va ularning «muallif»lari o‘zini qay nom bilan oqlamasin, bu aslo qahramonlik romantikasi emas! 1930 yilda ishlangan filmda badiiyatga ko‘p urg‘u berilgan bo‘lsa, 2022 yilgisida naturalizm kuchli: jangda qatnashish hech qanday sharafli ish emasligini qovjiragan jasadlar, botqoqqa botgan mayitlar orqali his qilasiz — bularning bari shu kunlarda yuz berayotgan voqelikni yana bir bor idrok etishga imkon beradi.

Germaniyalik kino ijodkorlar bu katta ishga 2020 yilda kirishgan, uning aksar sahnalari davrimizning haqiqiy urushi boshlanguniga qadar suratga olib bo‘lingandi. Film nafaqat ijodkor savqi tabiiysining kuchliligidan darak beradi, balki bunda olmon millatining insoniyat oldidagi uzrini, tazarrusini ko‘rish mumkin. Lekin tazarru tazarrularga ulanib ketadiganga o‘xshaydi…

Hamma ko‘rishi tavsiya etiladigan filmlar uchligi

  1. «Xuddi o‘sha Myunxauzen» (1979). Har gal «zamondoshlar xotirasi»ni o‘qiganimda shu film yodga tushadi. Soxta obro‘ oldidagi ojizlik, Shaxs yolg‘izligi, yolg‘onga moyil jamiyat haqidagi dardi yorug‘ film. Qizig‘i, bu dardni kulib-kulib yuragingga olib kirasan;
  2. «Orzu daraxti» (1979). Bu film loy ichidan sehrli tosh qidirayotgan, go‘zallikni, poklikni o‘z qo‘llari bilan o‘ldirgan jaholat va tartibot haqida keng mushohadalarga chorlaydi;
  3. «Yo‘l qo‘shig‘i» (1955). Hind mualliflik filmining durdonasi. Unda «Muhtojlikning cho‘qqisi insoniylikning intihosi» degan g‘oya shafqatsiz realizm bilan ochib beriladi.