Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Toshkent shahri aholisining yo‘llardagi tirbandlikka munosabatini o‘rgandi.

Qayd etilishicha, tirbandliklar jahondagi aksariyat yirik shaharlar uchun katta muammoga aylanib ulgurgan. Inrix ma’lumotlariga ko‘ra, tirbandlik tufayli Londonda bitta haydovchi yiliga o‘rtacha 156 soat, Chikagoda 155 soat, Parijda 138 soat ortiqcha vaqt sarflaydi.

Tirbandlik Toshkentda ham jiddiy muammo bo‘lib, Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Toshkent shahri hududida jismoniy shaxslarga tegishli avtomashinalar soni 562,1 mingtani tashkil etgan va doimiy yashovchi har 1000 kishiga 178 ta avtomobil to‘g‘ri kelgan.

Tadqiqot davomida poytaxt aholisining tirbandlikka munosabati va uni kamaytirish bo‘yicha takliflarini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rov tashkil etildi. Unda jami 891 kishi qatnashgan bo‘lsa, ularning 60,8 foizi avtomobil haydovchilari, shuningdek, 10,3 foizi ayollardir.

So‘rov natijalariga ko‘ra, avtomobil boshqarmasligini ta’kidlagan ishtirokchilarning 41,8 foizi avtobus, 27,5 foizi metro, 24,1 foizi taksi, 1,7 foizi mikroavtobus xizmatidan foydalanishini va 4,9 foizi piyoda yurishini bildirgan. Jamoat transportidan ko‘proq ayollar (33,1 foiz) va yoshlar (36,5 foiz), shaxsiy transportdan erkaklar (33,1 foiz) foydalanishi ma’lum bo‘ldi.

So‘rovda ishtirok etgan poytaxt aholisining 74 foizi tirbandlikni asosiy muammolardan biri, 21 foizi o‘rta darajadagi muammo va 5 foizi boshqa muammolar qatorida unchalik muhim emas, deb hisoblashini bildirdi.

«Tirbandlikdan avtobus va mikroavtobus yo‘lovchilari boshqalarga qaraganda ko‘proq aziyat chekmoqda. Shu bois avtobusdan foydalanuvchilarning 82,9 foizi, mikroavtobus yo‘lovchilarining 83,3 foizi tirbandlikni poytaxtning asosiy muammolaridan biri sifatida qayd etgan», — deyiladi hisobotda.

So‘rovda qatnashganlar quyidagilarni tirbandlikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar sifatida qayd etgan:

  • 62,2 foizi tartibsiz haydovchilar, qoidabuzarliklar, noto‘g‘ri parkovka;
  • 57,6 foizi yo‘llardagi nosozliklar;
  • 46,8 foizi o‘qishga qatnovchilar;
  • 41,2 foizi ishga qatnovchilar.

Respondentlar birinchi o‘rinda Kichik halqa yo‘lidagi chorrahalarni (136 marotaba), Bunyodkor shohko‘chasidagi chorrahalarni (106 marotaba) tartibga keltirish lozimligini qayd etdi.

So‘rov ishtirokchilarining 41,8 foizi tirbandlik tufayli yo‘l uchun ko‘proq vaqt rejalashtirishini, 39,1 foizi tirbandlik yo‘q yo‘llardan yurishini, 16,9 foizi tirbandlik kamayishini kutishini aytgan.

Bildirilgan fikrlar orasida jamoat transporti (avtobuslar) uchun infratuzilmalarni yaxshilash, parkovkalarni to‘g‘ri shakllantirish, ko‘p qavatli avtoturargohlar, piyodalar uchun yerosti o‘tish yo‘llari va ko‘priklar qurish, metro liniyalarini kengaytirish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash, raqamli boshqaruvga o‘tish kabi takliflar ko‘p uchraydi.

Prezidentning 2023 yil 16 fevraldagi qaroriga asosan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun tabiiy gaz vositasida harakatlanuvchi 700 dona avtobus va 300 dona elektrobus xarid qilish belgilangan. Mart oyi yakuniga qadar Xitoydan 110 dona avtobus va 150 dona elektrobus yetkazib berilishi kutilmoqda.

«Bu sa’y-harakat tirbandlik muammosini hal etishda yordam berishi bilan bir qatorda poytaxtdagi ekologik vaziyat uchun ham ijobiy ahamiyatga ega», — deya hisoblaydi mutaxassislar.