Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi mashinasining yon oynasiga qo‘ygan sichqonlar uchun yopishqoq qog‘oz tuzoqqa chittak qushi tushgani va barmog‘i bilan uning boshiga chertgani aks etgan videoyozuv tarqaldi.

Tabiat resurslari vazirligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan 9 mart kuni mazkur fuqaroning fuqaroning Farg‘ona viloyatida yashovchi M.O. ekani aniqlandi.

Suhbat davomida qushlar mashina oynalarini tirnab tashlayotgani sababli, shunday yopishqoq vositani skochlab, qushni ushlagani, biroq videorolik olingandan so‘ng qushni qo‘yib yuborganligini bildirib, bunday xatti-harakati uchun uzr so‘ragan. Erkak qilgan ishidan pushaymonligini, bu holat yana tokrorlanmasligini aytib o‘tgan.

U bilan ekologlar tomonidan qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish suhbati o‘tkazilib, undan tushuntirish xati olindi va tegishli choralar ko‘rish uchun tuman IIBga yuborildi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga muvofiq, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish — BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa — BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.