9 mart, payshanba kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko «Jinoiy javobgarlik bo‘yicha kodekslarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi, deya xabar bermoqda Belarus prezidenti sayti.

«Qonunda mansabdor shaxs tomonidan davlatga xiyonat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik davlat lavozimini egallab turgan barcha shaxslarga nisbatan taalluqli ekani nazarda tutilgan. Shu bilan birga, mansabdor shaxs yoki harbiy xizmatchi tomonidan davlatga xiyonat qilganlik uchun alohida jazo chorasi — o‘lim jazosini qo‘llash joriy etildi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ushbu qonun bilan terrorizmni targ‘ib qilganlik, Qurolli kuchlarni obro‘sizlantirish va davlat sirlarini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Davlatga xiyonat qilish, davlat hokimiyatini egallash maqsadida til biriktirish yoki boshqa harakatlar sodir etish, josuslik va yashirin faoliyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni qamoqqa olish muddati 3 kundan 10 sutkagacha oshirilmoqda.

Ilgari Belarusda o‘lim jazosi faqat og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan inson hayotiga zomin bo‘lish, shuningdek, terrorizmga urinish uchun 18 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga nisbatan qo‘llanilar edi. Bugungi kunda Belarus Yevropa va MDHda o‘lim jazosi qo‘llanadigan yagona davlat hisoblanadi.

Aholini ro‘yxatga olish va demografiya bilan shug‘ullanuvchi World Population Review (WPR) ko‘ra, 2021 yil oxirida o‘lim jazosi dunyoning 55 mamlakatida, jumladan, AQSh, Xitoy, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Braziliya, Kuba, Chili, Tayvan, Tailand, Singapur va Yaponiyada saqlanib qolgan.