O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni deputatlar bilan uchrashuvda siyosiy partiyalarning rolini oshirish maqsadida aralash saylov tizimiga o‘tishni taklif qildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 9 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zXDP yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Aralash tizimga proporsional va majoritar tizimlar kiradi. Mandatlarning bir qismi proporsional tizim (partiyaviy ro‘yxatlar bo‘yicha), ikkinchi qismi esa majoritar tizim (nomzodga ovoz berish) bo‘yicha taqsimlanadi.

«Aralash saylash tizimiga o‘tish, bu — jamiyatimizda, boshqaruvda siyosiy partiyalarning ta’sirini oshirishga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, 92-moddada Qonunchilik palatasi aralash saylov tizimi orqali shakllanishini aniq qilib belgilab qo‘yish bo‘yicha munosabatingizni bilmoqchi edik», — dedi Ulug‘bek Inoyatov.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi (qonun loyihasini ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan ikki qo‘mitadan biri) deputat Jahongir Shirinov amaldagi Konstitutsiya ham, taklif etilayotgan — yangilanayotgan Konstitutsiya ham aslida bunga to‘sqinlik qilmasligini ta’kidladi. Ya’ni amaldagi bosh Qomusda saylovning qanday tizimda o‘tishi yozilmagan. «Qonunga muvofiq deyilgan. Qonun, bu — Saylov kodeksi. Saylov kodeksida mojaritar yoki proporsional deb ko‘rsatish mumkin. Men to‘liq qo‘llab-quvvatlayman sizning taklifingizni», — dedi u.

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov mazkur taklifni ko‘rib chiqish va mazkur bandni kiritish yoki kiritishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishni taklif etdi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev 2022 yil mart oyida o‘z mamlakatida aralash saylov tizimini joriy etishni taklif qilgan edi. Bo‘lajak (19 mart) parlament va mas’ulat saylovlari ham shunday tizim bo‘yicha o‘tkaziladi. Majlis deputatlarining 70 foizi partiya ro‘yxatining proporsional tizimi bo‘yicha, 30 foizi esa majoritar tizim bo‘yicha saylanadi. Viloyatlar va respublika ahamiyatiga molik shaharlar mas’ullari darajasida deputatlik korpusi 50 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan nisbatda shakllantiriladi. Viloyatlar mas’ullari to‘liq majoritar tizim bo‘yicha saylanadi.

Ma’lumot uchun, majoritar saylov tizimi -davlat hokimiyati va mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga saylovlar tizimi bo‘lib, unda saylov okrugida ko‘pchilik ovoz olgan nomzodlar saylangan deb hisoblanadi. Proporsional saylov tizimida esa saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz beradilar.