Maktablarda III chorakning so‘nggi kuni 18 mart (shanba)ga to‘g‘ri keladi va IV chorak 27 mart kunidan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 26-bandiga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bahorgi ta’til 21 mart sanasidan boshlanib, 7 kalendar kun davom etishi belgilangan.

Prezidentning «2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida» 2022 yil 23 dekabrdagi farmoniga muvofiq, 2023 yil 20 mart kuni — qo‘shimcha dam olish kun sifatida belgilangani munosabati bilan maktablarda bahorgi ta’til 20 mart sanasidan boshlanadi hamda 26 martga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 18 mart (shanba) III chorakning so‘nggi o‘qish kuni bo‘lib, IV chorak 27 mart sanasidan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan Navro‘z bayramida haftasiga 5 kun ishlaydiganlar 5 kun, ya’ni 18−22 mart sanalarida, haftasiga 6 kun ishlaydiganlar 4 kun, ya’ni 19−22 mart sanalarida dam oladi. 23 martdan esa barcha yana ishga chiqadi.