Gruziya parlamenti 7 mart kuni «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishdayoq qabul qilgandi. Loyiha mamlakatda «xorijiy agentlar» reyestri yaratilishi va u 20 foizdan ortiq qismi chetdan moliyalashtiriladigan notijoriy yuridik shaxslar hamda OAVni o‘z ichiga olishini anglatadi. Loyihani 76 nafar deputat yoqlagan, 13 nafar deputat qarshi ovoz bergan.

Odamlar nimadan norozi?

Ovoz berish jarayoni muxolifat deputatlarining parlament binosidagi noroziliklari, tashqarida esa namoyishlar fonida bo‘lib o‘tdi. Tbilisidagi Rustaveli ko‘chasi «Gruziya hukumati Rossiya yo‘lidan ketmoqda» deya jarayonga norozi kayfiyat bildirgan namoyishchilar tomonidan to‘sib qo‘yildi.

AQSh elchixonasi favqulodda bayonot berib, buni «Gruziya demokratiyasi uchun qora kun» deya e’lon qildi.

«Bugun Gruziya demokratiyasi uchun qora kun. Parlamentning Kremldan ilhomlangan ushbu qonunlarni ilgari surishi gruzin xalqining Yevropa integratsiyasi va uning demokratik rivojlanishiga bo‘lgan aniq istagi [Gruziyaning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishi] bilan mos kelmaydi. Ushbu qonunlarni joriy etish mamlakatning strategik sheriklari bilan munosabatlariga putur yetkazadi», — deyilgandi bayonotda.

Politsiya parlament oldida yig‘ilgan namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz ishlatdi. Namoyishchilar esa xodimlarga shisha hamda «Molotov kokteyli» [suyuq yonilg‘i solingan butilkalar, zarbdan portlash yuzaga keladi] uloqtirdi.

TASS xabariga ko‘ra, mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

грuзия, намойish, xorijiy agentlar

Foto: Viktor Tumanov

«Bugun men Nyu-Yorkda turibman, orqamda esa Ozodlik haykali. Bu Gruziya har doim kurashgan, bugungi kungacha intilib kelgan timsoldir. Men siz bilanman, chunki bugun siz ozod Gruziya vakilisiz», — dedi Zurabishvili videomurojaatida.

Gruziya rahbari, shuningdek, xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini bekor qilish kerakligini qo‘shimcha qildi va unga veto qo‘yish niyatini yana bir bor ta’kidladi.

Zurabishvili 5 martda Nyu-Yorkka amaliy tashrif bilan ketgandi. U BMTning Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasi sessiyasida ishtirok etmoqda. Gruziya rahbari sessiya ishtirokchilariga bu masalada ham murojaat qilgan.

Namoyishlarning ikkinchi kuni

8 mart oqshomida gruziyalik deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshilar yana shahar markaziga to‘plandi, deb yozdi Meduza.

Mitingda «Strategiya Agmashenebeli» partiyasi yetakchisi Georgiy Vashadze hukumatga ultimatum qo‘yib, qonun loyihasini bir soat ichida bekor qilish va bir kun avval namoyishda hibsga olinganlarning hammasini ozod qilishni talab qildi. U payshanba kuni deputatlar yig‘ilish o‘tkazishiga ["Xorijiy agentlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida" deb nomlangan ikkinchi variant bo‘yicha ovoz berish 9 martda bo‘lib o‘tishi reja qilingandi] yo‘l qo‘ymaslik uchun namoyishchilarni parlament binosini o‘rab olishga chaqirdi.

Politsiya maxsus qurollarni qo‘llaganidan so‘ng namoyishchilar parlament binosidagi derazalarni sindirish va panjaralarni buzishga kirishdi. Oqibatda maxsus kuchlar mitingni kuch bilan bostirish va namoyishchilarni parlament yaqinidagi maydondan chiqarib yuborish choralarini ko‘rdi.

Ma’lumot uchun, 7 mart kuni полиция namoyishchilarni suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida kuch bilan tarqatgandi. Mayda bezorilik va ichki ishlar organlariga bo‘ysunmaslik bo‘yicha ma’muriy moddalar bilan ish qo‘zg‘atilgan 76 nafar shaxs qo‘lga olingani ma’lum qilingan. Yana bir namoyishchi politsiyachiga hujum qilganlikda ayblanib, hibsga olingan.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti bu vaziyat yuzasidan bayonot berdi.

Ta’kidlanishicha, Tbilisi shahrida politsiya norozilik bildirish uchun yig‘ilgan minglab tinch namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘p miqdorda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalandi.

«Politsiya o‘nlab odamlarni hibsga oldi, ular hozirda turli ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan. Men norozilikni kuzatib bordim va hukumatning bu tinch yig‘ilishni cheklash uchun bunday kuch ishlatishiga qonuniy sabab ko‘rmadim. Loyiha qabul qilinsa, nodavlat-notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari mablag‘larining 20 foizini xorijdan oladigan bo‘lsa, „xorijiy ta’sirdagi agent“ sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Bu guruhlar ustidan qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazilib, tergov qilinib, jarima solinadi, agar ularning rahbarlari qonunni buzganliklari aniqlansa, qamoqqa olinishi mumkin. Ovozga qo‘yiladigan ikkinchi qonun loyihasida shaxslarga ham shunday talablar qo‘yiladi. Qonun loyihasi kuchga kirishi uchun yana ikki o‘qishdan o‘tishi kerak», — deydi tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi direktori o‘rinbosari Georgiy Gogiya.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkala qonun loyihasi ham Gruziyaning so‘z va uyushmalar erkinligi huquqlarini himoya qilish bo‘yicha inson huquqlari majburiyatlariga mos kelmaydi va maqsad mamlakatdagi tanqidiy ovozni bo‘g‘ishga qaratilgan.

"Bu tahdid rostan mavjud. Gruziya hukumati qonun loyihasi moliyalashtirish shaffofligini oshirishga qaratilganini da’vo qilmoqda. Ammo ularning bayonotlari shuni ko‘rsatadiki, agar qonun loyihalari qabul qilinsa, ular mustaqil guruhlar, ommaviy axborot vositalari va tanqidiy ovozlarga qarshi ishlaydi… Qo‘shma Shtatlarning Gruziyaдаги elchixonasi kechagi kunni mamlakat demokratiyasi uchun «qora kun» deb atadi. Gruziyaning boshqa hamkorlari ham xuddi shunday keskin bayonotlar va ogohlantirishlar berdi. Ularning munosabatida ochiq-oydin ko‘rinib turibdi: «xorijiy agentlar» qonun loyihasini qabul qilish Gruziyaning inson huquqlari bo‘yicha o‘z majburiyatlari va Yevro-Atlantika bo‘yicha intilishlariga zid", — deya ta’kidlaydi Georgiy Gogiya.

U Gruziya rahbarlari bu ogohlantirishlarga quloq solib, mamlakat fuqarolik jamiyati uchun xavfsiz va qulay muhitni ta’minlashi, bu haqda yozar ekan, parlament oldida loyihaga qarshi yana bir miting sodir bo‘layotgani, rasmiylar mitinglar erkinligini to‘liq hurmat qilishi va shikoyatlar tinch yo‘l bilan bildirilishiga ortiqcha aralashmasligiga umid qilishini bildirdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gruziya parlamentidan qonun loyihasi qaytarib olindi. Bu haqda hukmron «Gruzinskaya mechta» partiyasi va «Sila naroda» harakati bayonot berdi.

«Qabul qilingan qonun loyihasi jamiyatda bahs-munozaralarga sabab bo‘lganini ko‘rib turibmiz. Yolg‘on mashinasi qonun loyihasini salbiy tomondan taqdim etib, aholining ma’lum qismini chalg‘itishga muvaffaq bo‘ldi. Qonun loyihasiga „Rossiya qonuni“ deya noto‘g‘ri ta’rif berilgan va uning birinchi o‘qishda qabul qilinishi jamoatchilikning bir qismi nazarida Yevropa yo‘nalishidan chekinish sifatida ko‘rsatildi», — deyiladi qo‘shma bayonot matnida. Gruziya hukumati qonun loyihasini «hech qanday izohlarsiz» qaytarib olishga qaror qilgan.