9 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama qilib, loyiha bo‘yicha referendum o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritish, moddalar sonini 128 tadan 155 taga oshirish rejalashtirilgan.

Uning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘payadi, ya’ni amaldagi Konstitutsiya 65 foizga yangilanmoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgarish kiritilmoqda.

Xususan, «davlat — jamiyat — inson» tamoyilini «inson — jamiyat — davlat» deya o‘zgartirish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari «O‘zbekiston — ijtimoiy davlat» deya e’lon qilinmoqda. Bunda davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb 3 barobar ortadi.

Keltirilishicha, yangi Konstitutsiya loyihasida ta’lim sohasida ham ko‘plab normalar keltirilmoqda, xususan, yoshlarning oliygohlarda davlat hisobidan grant asosida o‘qish huquqi bunga misoldir.

Loyihada davlat hokimiyatining bir qator lavozimlariga nisbatan ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ushbu lavozimga saylanishi (tayinlanishi) mumkin emasligiga oid demokratik qoida kiritilmoqda.

Bular

  • Qonunchilik palatasi spikeri;
  • Senat raisi;
  • O‘zbekiston prezidenti;
  • viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari kengashining raisi;
  • hokim;
  • Oliy sudning raisi va rais o‘rinbosari;
  • Sudyalar oliy kengashining raisi va rais o‘rinbosari;
  • Markaziy saylov komissiyaning raisi, bosh prokuror lavozimlaridir.

Qolaversa, ba’zi aholi vakillari tomonidan e’tiroz bildirilgani sababli amaldagi Konstitutsiyaning XVII bobi: 70−75-moddalarga taklif etilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ham loyihadan chiqarib tashlanmoqda. Bu bobga Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid normalar kiritilgan.

Shuningdek, bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazilmoqda. Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin prezident bilan maslahatlashiladi. Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin prezident bosh vazirni lavozimga tayinlaydi.