Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollarni tabrikladi.

«Bugun, 8 mart bayramida yon-atrofdan ko‘plab chiroyli so‘zlar, ajoyib tilaklar eshitamiz. Lekin men yuragimning tubidagi istagimni siz bilan baham ko‘rmoqchiman. Men jamiyatimizda ayollarga har doim hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini xohlayman. Toki xotin-qizlarimiz zo‘ravonlik va zulm, zararli stereotiplar va kamsituvchi muomala obyekti bo‘lmasin», — deb yozdi u.

Saida Mirziyoyeva ayollar o‘z huquqlari uchun kurashishlariga zarurat bo‘lmasligini xohlashini ta’kidlagan.

«Ular tabiiy ravishda jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lsin, deyman. Men ayollar o‘zini erkin, kuchli his qiladigan, o‘ziga ishonchi bo‘lgan, maqsadlariga erisha oladigan va orzu qilishdan cho‘chimaydigan jamiyatda yashashini istayman», — dedi prezidentning qizi.

Avvalroq, Saida Mirziyoyeva oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb baholashni taklif qilgan edi. «Oiladagi zo‘ravonlik — oilaning ichki ishi emas, bu muammo butun jamiyatga tegishli. Ayol o‘z dardi bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak», — degandi u. Shuningdek, u voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jazo kuchayishi zarurligini aytgan edi.