4 mart kuni Surxon davlat qo‘riqxonasida «Qizil kitob»ga kiritilgan morxo‘r noqonuniy ovlandi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, qo‘riqxonaning asosiy maydoniga 3 fuqaro noqonuniy ravishda kirgan. Holat yuzasidan reyd guruhi tuzilib, hududda kuzatuv ishlari olib borilgan.

Ishlar davomida qo‘riqxonaga yaqin hududda harakatlanib ketayotgan Nexia-2 to‘xtatilib, yukxonasi ko‘zdan kechirilganda bir bosh burama shoxli echki (morxo‘r)ning go‘shti bo‘laklangan holda olib ketilayotgani, mashina Sherobod tumani «Vandob» mahallasida yashovchi fuqaro X.B.ga tegishli ekani aniqlandi.

Surishtiruv ishlari davomida «Vandob» mahallasida yashovchi Sh. A. va Angor tumanida yashovchi fuqaro I.O‘. qonunga xilof ravishda qo‘riqxonaning Vandob bo‘limi Darayg‘ulsoy massividan ovchilik ruxsatnomasi bo‘lmagan IJ-17−32 kalibrli bir stvolli ov miltig‘i va 1 dona pnevmatik qurol bilan «Qizil kitob»ga kiritilgan 1 bosh morxo‘rni otib nobud qilgani ma’lum bo‘ldi.

сурхондарё, morxo‘r, «Qizil kitob», jinoiy жавобgaрлик

Shuningdek, ovlangan morxo‘r go‘shti hamda 8 dona otilmagan va 4 dona ishlatilgan — jami 11 dona ov miltig‘i o‘qlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Ovchilarning yovvoyi hayvonot dunyosiga keltirgan zarari 180 million so‘mni tashkil etdi.

Ma’lumot uchun, morxo‘r (Capra falconeri) — O‘zbekiston va xalqaro «Qizil kitob»iga kiritilgan, tog‘ echkilari urug‘iga mansub noyob hayvon turi hisoblanadi. Mazkur hayvon turini nobud qilish Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.

Holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, Surxondaryo viloyat prokuraturasiga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.