O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutqida mamlakat ayollarini ushbu bayram bilan tabrikladi.

«Qadrli opa-singillar! Biz erkin va farovon, demokratik, dunyoga ochiq mamlakatni barpo etishda butun xalqimiz qatori xotin-qizlarimiz ham beqiyos hissa qo‘shayotganini albatta yuksak qadrlaymiz», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Prezident hozirda ayollarning ulushi tibbiyotda — 77 foizni, ta’lim sohasida — 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etayotganini qayd etdi.

Agar 2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan — 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan — 37 foizga yetdi. 2 ming nafarga yaqi ayollar davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlarni tashkil etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini aytib o‘tdi.

Shu maqsadda o‘tgan yili 872 mingdan ziyod xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. 233 mingdan ko‘proq ayollarga 4 trillion 700 milliard so‘m kredit ajratildi. 252 mingdan ortiq opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka o‘qitildi.

«Xabaringiz bor, biz xalqimiz, ayniqsa, opa-singillarimizni ko‘pdan buyon qiynab kelgan uy-joy muammosini yechish maqsadida katta dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Agar 2017 yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 8 ming kvartirali 191 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilgan bo‘lsa, o‘tgan yili — shunga e’tibor berishingizni so‘rayman — 56 ming kvartirali 1433 ta uy-joy barpo etildi. Joriy yilda esa yana 90 ming xonadon uchun turar-joylar quriladi», — deya ma’lum qildi davlat rahbari.

O‘tgan yili 14 mingga yaqin ayollarning uy-joy sharoiti yaxshilandi, qariyb 7 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga ijara to‘lovlari qoplab berildi. «Ayollar daftari»dagi 642 ming nafar xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatildi.

O‘tgan yili 9 mln nafar ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 3 mln dan ziyodi ambulator, 347 ming nafari esa statsionar sharoitda davolandi.

«Yurtimizda xotin-qizlarning sifatli ta’lim va tarbiya olishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, „Onalar — butun bashariyatning tarbiyachilaridir“. Darhaqiqat, oilada bir nafar qiz o‘qib, oliy ma’lumotga, zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lsa, xonadondagi muhit butunlay o‘zgaradi. Biz shu maqsadda xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim dasturni qabul qildik», — dedi davlat rahbari.

Prezident qiyoslash uchun misollar keltirdi. Agar bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam qariyb 5 barobar ko‘payib, 500 ming nafarni tashkil etmoqda. Shu tariqa bugungi kunda oliy ta’lim olayotgan talabalar orasida qizlarning ulushi 50 foizga yetgani tarixda misli ko‘rilmagan natijadir.

Yangi tartibga muvofiq, magistraturada o‘qiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizlar uchun 68 mlrd so‘mdan ziyod kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berildi. 65 mingdan ko‘proq talaba xotin-qizlarga 727 mlrd so‘mga yaqin foizsiz ta’lim krediti ajratildi.

Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 2 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlar oliygohlarga alohida kvota asosida o‘qishga qabul qilindi.

«Oliygohlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz orasidan ilm-fan, siyosat va jamoat arboblari, mashhur madaniyat va san’at, sport namoyandalari yetishib chiqadi, deb ishonaman», — deyiladi tabrikda.

«Biz O‘zbekistonda qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening ko‘z o‘ngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi. Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men o‘zim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi bo‘ladi», — deya ta’kidladi prezident o‘z nutqida.