Ta’lim vaziri Gani Beysembayev Qozog‘istonda korrupsionerlardan musodara qilingan pullarga 2023 yilda 70 ta maktab qurilishini ma’lum qildi, deb xabar berdi Tengrinews.

«Bu yil 70 dan ortiq maktab korrupsionerlar puliga quriladi. Bizda bu bo‘yicha hujjatlar va shakllantirilgan ro‘yxat bor. Shun kunlarda bu ro‘yxat tasdiqlanib, maktablar qurilishi uchun mablag‘ ajratish boshlanadi. Jarayon deyarli barcha — 20 ta regionni qamrab oladi», — dedi vazir hukumat majlisida jurnalistlar savollariga javob berar ekan.

Vazirning ta’kidlashicha, loyihada nafaqat yangi maktablarni qurish, balki mavjudlarini ta’mirlash ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, korrupsiya sodir etgan amaldorlardan musodara qilingan 120 milliard tenge Moliya vazirligining maxsus hisob raqamiga o‘tkazib berilgan.

Avvalroq Qosim-Jomart Toqayev xalqqa murojaatnomasida korrupsionerlardan olib qo‘yilgan pullar maktablar qurishga yo‘naltirilishini aytgandi. «Umuman olganda, maktablar qurish hukumat va hokimliklarning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi kerak», — degan prezident.