Samarqand viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Samarqand xalqaro aeroportida odam savdosi jinoyatining oldi olindi, deya xabar berdi viloyat IIB.

Boshqarmaga 29 yoshli fuqaro ariza bilan murojaat qilib, unda Ishtixon tumanida yashovchi 35−40 yoshlardagi ayol o‘zining jinoiy sherigi bilan moddiy manfaat evaziga fohishalik bilan shug‘ullanishi uchun BAAning Dubay shahriga yuborayotganini ma’lum qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Arizaga asosan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda ushbu ayol 29 yoshli ayoldan 5000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida aeroport chegara hududida ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlanib tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismiga (Odam savdosi) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari boshlangan.